Kecha, 28 yanvar kuni Toshkent hayvonot bog`ida yuz bergan mudhish holat muhokamalarga sabab bo`ldi. Soat taxminan 12:00 larda yosh ayol noma`lum sabablarga ko`ra odamlarning ko`z oldida o`z qizini ayiq qafasiga tashlab yuborgan.
Ayiq qizaloqqa zarar etkazmagan. Hayvonot bog`i xodimlari ayiqni ichki xonaga olib kirishga muvaffaq bo`lishgan.
Sog`liqni saqlash vazirligi qizaloqning holati bo`yicha quyidagilarni ma`lum qiladi:
2018 yilda tug`ilgan qizaloqqa dastlab hayvonot bog`i hamshirasi birinchi yordam ko`rsatadi. Shundan so`ng tez yordam mashinasida soat 13:30 larda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib kelingan.
"Qizcha shifoxonada barcha zarur tibbiy ko`riklardan zudlik bilan o`tkazilgan.
U engil shok holatida bo`lgan, balandlikdan yiqilish oqibatida ochiq bosh miya jarohati va bosh miya chayqalishi kuzatilgan. Hozirda uning ahvoli yaxshi, tibbiyot xodimlari nazoratida", - deyiladi xabarda.