AsosiyJinoyat

DXX Toshkent shahrida giyohvandlikka qarshi tezkor tadbirlar o`tkazdi

'DXX Toshkent shahrida giyohvandlikka qarshi tezkor tadbirlar o`tkazdi'ning rasmi

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo`yicha boshqarmasi xodimlari Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi va shahar IIBB bilan hamkorlikda poytaxt tumanlarida kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy savdosiga qarshi tezkor tadbirlar o`tkazdi.

Natijada Chilonzor, Olmazor, Mirobod, Yunusobod, Yakkasaroy tumanlarida faoliyat yurituvchi dorixonalar egalari va xodimlaridan iborat jami 18 nafar shaxs kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalarini noqonuniy sotayotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Xususan, Mirobod tumanida joylashgan dorixonalardan birida noqonuniy sotilayotgan 399 dona “Zardeks”, 49 dona “Karbamazepin-FS” va 20 dona “Tebantin” dori vositalari prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Chilonzor tumanidagi dorixonalarning birida o`tkazilgan tekshiruv natijasida esa 2080 dona “Karbamazepin-FS”, 434 dona “Regapen”, 265 dona “Zardeks”, 244 dona “Tropikamid” dori vositalari musodara qilindi.

Shuningdek, bunday dori vositalarini Toshkent shahriga olib kelib, tarqatish hamda sotish bilan shug`ullangan 22 nafar shaxs ham qo`lga olindi.

Xususan, Mirobod tumanidagi mehmonxonalarning birida o`tkazilgan tezkor tadbirda namanganlik 2 nafar fuqaro joylashgan xona ko`zdan kechirilganda, unda 3690 dona “Zardeks” dori vositasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Bundan tashqari, voyaga etmagan shaxslarga bu turdagi dori vositalarini sotish bilan shug`ullanib kelgan ikki fuqaro ham qo`lga olinib, ulardan 1 gr. “gashish”, 2 dona “Zardeks”, 3 dona “Karbamazepin-FS”, 4 dona “Tropikamid” va 46 dona “Regapen” olib qo`yildi.

Poytaxt hududida kuzatilgan yana bir holatda esa 1989 y.t. fuqaro 10.000 dona “Zardeks” dori vositasini 6000 AQSh dollariga sotayotgan vaqtida ushlandi.

O`tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 5571 dona “Regapen”, 14522 dona “Zardeks”, 2132 dona “Karbamazepin-FS”, 1162 dona “Tropikamid”, 22 dona “Tebantin” kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalari prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Xorijda ishlab chiqarilgan ushbu dori vositalari kontrabanda yo`li bilan qo`shni davlatlar hududidan mamlakatimizga olib kirilgan.

Ta`kidlash lozimki, kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shug`ullangan ushbu fuqarolar orasida muqaddam bu turdagi qonunbuzarliklarni sodir etganliklari uchun qidiruvda bo`lgan hamda giyohvand moddalar iste`moliga ruju qo`ygan shaxslar ham bor.

Hozirda mazkur shaxslarni javobgarlikka tortish masalasi ko`rib chiqilmoqda.

    Boshqa yangiliklar