Qarshi shahar Nizomiy ko`chasida yashovchi 32 yoshli N.Q. shahar IIO FMB boshlig`i nomiga ariza bilan murojaat qilib, o`z arizasida 2021 yilning dekabr oyi o`rtalarida “Odnoklassniki” ijtimoiy tarmog`i orqali “Abror” ismli shaxs bilan tanishib, u bilan bir marotaba yaqin munosabatda bo`lgan holatini yashirincha videotasvirga olib, keyinchalik ushbu videotasvirlarni ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatib, uydagilariga ko`rsatish bilan qo`rqitib, videotasvirni oshkor qilmaslik evaziga 2022 yilning 07 yanvar kuni 900 AQSh dollari talab qilib olgan bo`lsa-da, yana ushbu videoni tarqatmaslik evaziga narxi 4.500.000 so`mlik “Samsung Galaxy A-71” rusumli telefon apparatini va 2.500.000 so`mlik bir juft tilla sirg`alarini berishini talab qilayotganligini ma`lum qilib, unga nisbatan qonuniy chora ko`rishlikni so`ragan.
O`tkazilgan tezkor tadbir davomida, o`zini “Abror” deb tanishtirgan shaxs fuqaro N.Q.,dan talab qilingan “Samsung Galaxy A-71” rusumli telefon apparati va bir juft tilla sirg`alarini olgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlanib, shaxsiga aniqlik kiritilganida, u Koson tumanida yashovchi 34 yoshli N.J. ekanligi ma`lum bo`lgan.
Mazkur holat yuzasidan Qarshi shahri bo`yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan N.J.,ga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Tergov jarayonida N.J. muqaddam yuqoridagi modda bilan sudlanganligi aniqlanib, O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishida gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, “qamoqqa olish” tarzdagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan.
Hozirda tergov davom etmoqda.






