AsosiyDunyo

Dunyoda “omikron”ning yangi mutasiyasi keng tarqalmoqda

'Dunyoda “omikron”ning yangi mutasiyasi keng tarqalmoqda'ning rasmi

Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining ma`lumotiga ko`ra, shu kungacha dunyoning 57 ta mamlakatida “omikron” shtammining yangi — VA.2 mutasiyasi ro`yxatga olindi.  

Ushbu variantni yuqtirganlar soni hozir 27 ming nafardan ziyod. Kasallik, ayniqsa, Daniya, Buyuk Britaniya, Norvegiya, Shvesiya, Italiya, AQSh, Hindiston, Filippin va Jazoirda keng tarqalmoqda.

Mutaxassislar fikricha, VA.2 deb nomlangan ushbu mutasiya “omikron”ning hozirgi VA.1 ko`rinishidan ham yuqumliroq. Masalan, ayni paytda Daniyada ro`yxatga olinayotgan koronavirusga chalinish holatlarining 79 foizini shu turdagi infeksiya tashkil etyapti. Buyuk Britaniyada bu ko`rsatkich 6, Hindistonda 5, Shvesiya va Singapurda esa 2 foizga teng.  

Buyuk Britaniya Sog`liqni saqlash xavfsizligi agentligi BA.2ni “kuzatuv ostidagi variant” sifatida tasnifladi. Hozirgacha bu erda 1072 nafar bemorda ushbu virus aniqlangan. U avvalgi mutasiyaga qaraganda birmuncha tezroq tarqalmoqda.

Mamlakat sog`liqni saqlash vaziri Sajid Jovidning aytishicha, yangi variantning paydo bo`lishi va tez sur`atda tarqalayotgani emlanish jarayoni o`ta muhim ekanligini yana bir bor tasdiqladi.  

“Men barcha yurtdoshlarimizni o`zlari va yaqinlari salomatligini himoya qilishga va kuchaytiruvchi dozada emlanishga chaqiraman” — dedi vazir.

Olimlar, shuningdek, 27 dekabrdan 11 yanvargacha bo`lgan davrda o`tkazgan tahlillari natijasida Buyuk Britaniyada bemorlar VA.2 mutasiyasini 13,4 foiz hollarda oila a`zolaridan yuqtirganini aniqladi. Bu ko`rsatkich “omikron”ning dominant variantiga nisbatan 3,1 foiz yuqoridir.

Yangi mutasiyani o`rganish va tadqiq qilish ishlari to`liq yakunlangan yo`q. Shu bois VA.2ning xavflilik darajasi va asoratlari haqida aniq xulosalar aytishga hali erta.

Ammo VA.2 turi faol tarqalishi tufayli kelajakda uning dominant variantga aylanish ehtimoli yuqori. Bu esa “omikron” bilan bog`liq pandemiya to`lqinining davomiyligini oshirishi mumkin.

    Boshqa yangiliklar