Turk investorlari O`zbekistonda loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirmoqda.
Kecha O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari - investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Turkiyaning “OYAK” kompaniyasi bosh direktori Sulaymon Savash Erdem rahbarligidagi delegasiya bilan uchrashuv o`tkazdi.
Uchrashuv davomida O`zbekistonda yuqori texnologiyali sanoat ishlab chiqarish ob`ektlarni tashkil qilish bo`yicha loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutgan holda, turkiyalik investorning O`zbekistondagi faoliyatini tashkil etish istiqbollari muhokama qilingani haqida xabar berdi vazirlik.
Ta`kidlanishicha, muloqot chog`ida Turkiya tomoni aniq loyihalarni atroflicha muhokama qilish va ularni hayotga tatbiq etishning amaliy jihatlari va shartlari ustida ish olib borish maqsadida hamkorlikni davom ettirishga qiziqish bildirgan. Xususan, kompaniya rahbariyati O`zbekistonda qishloq xo`jaligida ishlatiluvchi kimyoviy moddalar va o`simliklarni himoya qilish vositalarini klaster usulida ishlab chiqarish, melamin va texnik uglerod ishlab chiqarish korxonalarini tashkil qilish, shuningdek avtomobilsozlik sohasida loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini o`rganayotgani ma`lum qilgan.
Tadbir davomida O`zbekistonning yirik kimyo korxonalaridagi davlat aksiyalarini xususiylashtirishda “OYAK” kompaniyasi ishtirokining istiqbollari ham ko`rib chiqilgan.
O`zbek tomoni turk sarmoyadorlarini o`z biznes tashabbuslarini amalga oshirishda qo`llab-quvvatlashga va mavjud masalalarni hal etishda har tomonlama amaliy yordam ko`rsatishga tayyorligini bildirgan.
"Qisqa muddat ichida turk tomoniga aniq loyihaviy takliflar va ko`rib chiqilayotgan tarmoqlarning investisiyaviy va sanoat salohiyati to`g`risida zarur ma`lumotlar yuboriladi",-deya ma`lum qilinadi.






