Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Tashqi mehnat migrasiyasi to`g`risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.
Deputatlar, XMTning O`zbekistondagi vakolatxonasi, Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti, Yuristlar malakasini oshirish markazi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi, Toshkent davlat yuridik universiteti, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, olimlar va ekspertlar ishtirok etdi.
Ta`kidlanganidek, hozirgi kunda O`zbekiston Respublikasida mehnat migrasiyasi jarayonlari ushbu masalaga oid O`zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari, “Aholi bandligi to`g`risida”gi qonun hamda bir qator qonunosti hujjatlar bilan tartibga solingan.
2020 yil 22 iyundagi Prezident farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini amalga oshirish bo`yicha “Yo`l xaritasi”ning 41-bandi ijrosini ta`minlash maqsadida ishlab chiqilgan “Tashqi mehnat migrasiyasi to`g`risida”gi qonun loyihasi Qonunchilik palatasida birinchi o`qishda qabul qilinib, hozirda loyihani ikkinchi o`qishga tayyorlash jarayonlari ketmoqda.
Qonun loyihasida tashqi mehnat migrasiyasi sohasida davlat siyosatining asosiy yo`nalishlari, tashqi mehnat migrasiyasi jarayonlariga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etish, mehnat migrantlarining hisobini yuritish masalasiga alohida e`tibor qaratilgan.
Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan qonun loyihasini ikkinchi o`qishga tayyorlangan matni yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.






