AsosiyJamiyat

"Yoshlarning internet tarmog`idagi ma`naviyatga zid kontentlarga qiziqishi tobora ortmoqda" — Senator

'"Yoshlarning internet tarmog`idagi ma`naviyatga zid kontentlarga qiziqishi tobora ortmoqda" — Senator'ning rasmi

Internet insonlar hayotiga shunchalik singib ketganki, zamonaviy jamiyatni usiz tasavvur qilib bo`lmaydi. Bir so`z bilan aytganda, ijtimoiy tarmoqlar hayotimizda axborotning o`rnini keskin oshirib yubordi.

Bu axborot makonida insonlarning dunyoqarashini o`zgartirish qudratiga ega eng kuchli vositaga aylandi. Chunki har kim xohlagan ma`lumotini shu makondan olishi yoki o`zi istagan talqinda axborotni unga joylashtirishi mumkin. Oddiy qilib aytganda, axborotning rangi ham, og`irligi ham yo`q yoki chemodanga o`xshash ushlagichi ham yo`q, u havo kengliklarida erkin suzuvchi harakterga ega. Shuning uchun dunyoning bir burchagida yuz bergan voqea-hodisa haqida o`sha vaqtning o`zida xabardor bo`lish mumkin. Buning ijobiy xususiyatlari bilan birga, tanganing ikkinchi tomonidagi, ko`zga ko`rinmas salbiy jihatlari ham bor.

Chunki bir qarashda beozor tuyulgan ijtimoiy tarmoqlardagi maxsus muloqot dasturlari orqali kechadigan suhbatlar tafakkuri endi shakllanayotgan bolalarni oxir-oqibat jinoyatgacha etaklab borayotgani hayotiy haqiqat.

Shu bois, Vazirlar Mahkamasiga Internet jahon axborot tarmog`ida yoshlar va voyaga etmaganlar uchun milliy kontentni rivojlantirish, ularning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish va zararli axborotdan himoya qilish to`g`risida parlament so`rovini yuborish masalasi nihoyatda jiddiy, kerak bo`lsa, masalalarning masalasidir.

Kelajagimiz bo`lgan yoshlarning dunyoqarashi, vatanparvarligining qanday bo`lishi bugun biz birgalikda qabul qiladigan qarorimiz va amaliy chora-tadbirlarimizga bog`liq. Sababi, bugungi globallashuv davrida fikrga qarshi fikr, g`oyaga qarshi faqat g`oya bilan amaliy harakatlarimizni tizimga aylantirsak, natija bo`ladi.

Bu borada ma`rifatparvar Fitratning “Bu dunyo kurash maydonidir. sog`lom tan, o`tkir aql va yaxshi axloq bu maydon qurolidir”, degan so`zlarining mazmun-mohiyati har qachongidanda dolzarb ekanini ta`kidlash o`rinlidir.

Endi mazkur parlament so`rovini yuborishimizga sabab bo`lgan muammolar xususida to`xtalib o`tsam.

Birinchidan, taraqqiyotning bugungi shiddatida Internet jahon axborot tarmog`ining global va milliy segmenti rivojlanishi tendensiyalarini muntazam o`rganish hamda milliy kontentni rivojlantirish mexanizmlarini takomillashtirish masalasiga etarli e`tibor qaratilmasdan kelinmoqda.

Misol uchun, “Vikipediya” Internet ensiklopediyasiga O`zbekistonning mashhur sportchilari va sport tashkilotlari faoliyati to`g`risidagi ma`lumotlar Turizm va sport vazirligi tomonidan joylashtirilishi, Madaniyat vazirligi tomonidan esao`zbek adabiyoti va san`ati mumtoz namoyandalarining asarlaridan foydalanish imkoniyatini ta`minlash uchun veb-portal tashkil qilinishi kerak. Bu boradagi ishlar tizimli yo`lga qo`yilmagan.

Ikkinchidan, keyingi vaqtlarda Internet jahon axborot tarmog`i va ijtimoiy tarmoqlarda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan targ`ibot materiallarini berib borish, bolalarni Internetdagi turli axborot xurujlaridan himoyalashga qaratilgan elektron shaklda illyustrasiya qo`llanmalari yaratish borasidagi ishlar ham sust olib borilmoqda.

Masalan, “Vikipediya” platformasida O`zbekiston haqida ma`lumotlar to`liqmasligi yoki ma`lumotlar eskiligi, ommabop onlayn platformalarda mamlakatimiz haqidagi sifatli kontentlar kamligi oqibatida yoshlarning Internet jahon axborot tarmog`idagi turli ma`naviyatga zid kontentlarga qiziqishi tobora ortmoqda.

Oqibatda esa, mafkuraviy tahdidlar orqali aholining ma`lum bir qatlamlari, ayniqsa, yoshlarning qarashlarini o`zlariga ma`qul bo`lgan yo`nalishda o`zgartirishga, axloqsizlik kabi buzg`unchi g`oyalarni singdirishga urinishlar bo`lmoqda.

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan samarqandlik 8-sinf o`quvchisining videotasviri ham shular sirasidandir. Biron-bir sababsiz, shunchaki ijtimoiy tarmoq “yulduzi” bo`lish ilinjida qasddan yoshi ulug` insonga qilingan bunday xatti-harakatni hech narsa bilan oqlab bo`lmaydi. Afsuski, bunday holatlar juda ko`p sodir bo`lmoqda. Bir so`z bilan aytganda, tarbiyada tanaffus bo`lmasligi kerak.

Uchinchidan, Internet va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari soni yildan-yilga o`sib bormoqda. Mamlakatimizda ayni vaqtda “Facebook”da 4.7 mln, “Instagram” da 3.7 mln, “Telegram”da 18 mln, “Odnoklassniki”da 16.7 mln foydalanuvchi mavjud. Internet tarmog`idagi “.UZ” domenida ro`yxatdan o`tgan domenlar soni hozirgi kunda 98 mingtadan oshgan.

Afsuski, Internet tarmog`i orqali tarqatilayotgan g`arazli ma`lumotlar, turli buzg`unchi g`oyalar, odob-axloqni emiruvchi illatlar har bir ongli kishini tashvishga solmoqda.

Birgina 2021 yilning dekabr holatiga ko`ra, milliy domen hududidagi 289 ta veb-saytda behayolik va ma`naviy buzuqlik targ`ibotiga xizmat qilishi mumkin bo`lgan holatlar aniqlangan bo`lib, 2097 ta qonunbuzarlik holati qayd etilgan.

Yoki shu kunlarda telekanallarda efirga uzatilgan serial va kinolardagi holatlar va unga jamoatchiligimizning keskin e`trozlarini aytib o`tish mumkin.

To`rtinchidan, qimor (totalizator) va tavakkalchilikka asoslangan boshqa uyinlarni Internet va ijtimoiy tarmoqlarda onlayn tarzda o`ynashni taklif etuvchi turli reklamalar, bundan tashqari, jangari, vahshiylikni targ`ib qiluvchi materiallar ko`paygani natijasida yoshlar va voyaga etmaganlarning ushbu o`yinlarga qiziqishi ortidan turli huquqbuzarliklar kelib chiqmoqda.

Masalan, respublikada 2021 yilda sodir etilgan jinoyatlarning har beshinchisi yoshlar hissasiga to`g`ri kelgan.

Yoki bo`lmasam, 2021 yilda 39 426 nafar fuqaro ko`cha va jamoat joylarida hayot va sog`liq uchun xavfli bo`lgan buyumlar olib yurgani aniqlangan. Shundan hech qanday maqsadsiz 30 444 nafari pichoq, 438 nafari kastet, 592 nafari bita, 7952 nafari boshqa xavfli buyumlar olib yurishgan.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarning o`zbek segmentida ma`naviy buzuqlikni targ`ib qiluvchi 130 ga yaqin guruh, sahifa va kanallar mavjudligi aniqlangan bo`lsa, ularda 2 646 ta material (foto, video, matnli va boshqalar) tarqatilgan. Internet resurslari va ijtimoiy tarmoqlarda mazkur holatlarga barham berish ishlarida aniq choralar belgilanmasdan qolmoqda.

Birgina “Telegram” messenjerining O`zbekiston auditoriyasi uchun yo`naltirilgan resurslarida fahsh kontent orqali auditoriya to`plash va reklama hisobidan daromad topishga qaratilgan obunachilari 120 mingdan ko`p bo`lgan kanallar aniqlangan.

Davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarni bunday yot g`oyalardan asrashning eng maqbul yo`li, ya`ni yoshlarga e`tiborni kuchaytirish, yosh avlodni madaniyat, san`at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularda axborot texnologiyalaridan to`g`ri foydalanish ko`nikmasini shakllantirish, yoshlar o`rtasida kitobxonlikni targ`ib qilish, xotin-qizlar bandligini ta`minlashga qaratilgan besh muhim tashabbus ilgari surilgan. Shu bois yoshlarimiz dunyoqarashini to`g`ri shakllantirish borasida mazkur formulani yoshlarimiz orasida rivojlantirishimiz zarur.

Prezidentimiz ta`kidlaganidek, biz yangi O`zbekistonni barpo etishga qaror qilgan ekanmiz, ikkita mustahkam ustunga tayanamiz. Birinchisi – bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot. Ikkinchisi – ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma`naviyatdir.

Biz yaratayotgan yangi O`zbekistonning mafkurasi ezgulik, odamiylik, gumanizm g`oyasi bo`ladi. Biz mafkura deganda, avvalo, fikr tarbiyasini, milliy va umuminsoniy qadriyatlar tarbiyasini tushunamiz. Ular xalqimizning necha ming yillik hayotiy tushuncha va qadriyatlariga asoslangan.

Yuqorida qayd etilganlardan kelib chiqib, o`quvchi-yoshlarning ongiga zarar etkazishi mumkin bo`lgan axloqsizlikni targ`ib qiluvchi kontentlar, diniy adovatni qo`zg`atuvchi, tavakkalchilikka asoslangan onlayn o`yinlar, totalizatorlar, oilaviy qadriyatlarni inkor etadigan hamda jamiyatda buzg`unchilik g`oyalarini targ`ib etadigan veb-resurslarga qarshi kurashish – birgalikdagi ustuvor vazifa hisoblanadi.

Yuqoridagilarni inobatga olib, Oliy Majlis Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisida senatorlar Internet jahon axborot tarmog`ida yoshlar va voyaga etmaganlar uchun milliy kontentni rivojlantirish, ularning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish va zararli axborotdan himoya qilish to`g`risida Vazirlar Mahkamasiga parlament so`rovi yuborish to`g`risidagi qarorni qabul qildilar.

 Farhod boqiev,

Oliy Majlis Senatining

Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta`minlash masalalari qo`mitasi raisi o`rinbosari

    Boshqa yangiliklar