Namangan shahrida yashovchi fuqaro A.N. tanishi B.ning xonadonini ijaraga olib, sanitariya-gigiena talablariga zid holda, umumiy qiymati 550,3 mln so`mlik hujjatlari bo`lmagan 196 turdagi dori vositalari hamda tibbiy buyumlarni saqlab kelgan. Bu Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yangi Namangan tuman bo`limi tomonidan, IIB va DSI bilan o`tkazilgan tezkor tadbirda aniqlangan.
Shu kabi, Departamentning Qo`qon shahar bo`limi tomonidan DXX hamda IIB Farg`ona viloyati boshqarmalari bilan o`tkazilgan tezkor tadbirda, “B.C.” MChJ rahbari Sh.N. MChJga qarashli dorixonada fuqaroga 182 dona “Regapen” hamda 10 dona “Tropikamid” nomli kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalarini 3,3 mln so`mga sotgan vaqtida ushlanib, ushbu dorixonada yana 1092 dona “Regapen” nomli dori vositalari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (dori vositalarini dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizasiya qilish) bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






