AsosiyJamiyat

40 yoshgacha bo`lgan rahbarlarning yillik Top-40 reytingi shakllantirildi

'40 yoshgacha bo`lgan rahbarlarning yillik Top-40 reytingi shakllantirildi'ning rasmi

“Yuksalish” umummilliy harakati Ijtimoiy va iqtisodiy tashabbuslar instituti bilan hamkorlikda O`zbekistonning 40 yoshgacha bo`lgan istiqbolli yosh rahbar kadrlari reytingini e`lon qildi. Bu haqda “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati xabar berdi. 

Birinchi bosqichda fuqarolik jamiyati, tahlil markazlari va OAV vakillaridan iborat ekspertlar yosh rahbarlarning o`z sohalarida strategik maqsad va natijalarga erishganlik bo`yicha faoliyatini baholashdi. Bunda nomzodlarning ma`lumoti, rahbar sifatida jamoatchilik orasida tanilganligi, ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi, islohotlar jarayonidagi ishtiroki va ta`sir darajasi hamda shaxsiy va kasbiy yutuqlari inobatga olindi.

Ikkinchi bosqichda turli soha ekspertlarining ovozi to`plandi. Yakuniy bosqichga o`tgan 60 dan ziyod nomzodlar orasidan eng ko`p ovoz olgan 40 yoshgacha bo`lgan eng yaxshi 40 nafar rahbar tanlab olindi.

Qayd etish kerak, ekspertlar ovoz berish jarayonida dastlabki ro`yxatda bo`lmagan boshqa nomzodlarni ham taklif etishdi. Ularning ayrimlari yakuniy ro`yxatga kiritildi.

Fuqarolik jamiyati institutlari vakillari talqiniga ko`ra eng yaxshi yosh rahbar Madaniyat va san`atni rivojlantirish jamg`armasining ijrochi direktori Gayane Umerova bo`ldi. Jurnalist va blogerlar Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa`dullaev faoliyatini yuqori baholashdi. “Aql markazlari” vakillari esa istiqbolli rahbar sifatida IT Park direktori Farhod Ibrohimovni tanlashdi. Shuningdek, ekspertlar yangi tayinlangan xalq ta`limi vaziri Baxtiyor Saidovga katta umid bildirdi. Ularning fikricha, 2022 yilda ta`lim sohasida tub islohotlar bo`lishi kutilmoqda.

Bu yilgi reytingga birinchi marta kiritilgan nomzodlar:

• Abat Fayzullaev, O`zbekistonning Avstriyadagi elchisi;

• Abatbay Daniyarov, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o`rinbosari;

• Baxtiyor Saidov, xalq ta`limi vaziri;

• Baxtiyor Mustafoev, Markaziy Osiyo instituti direktori o`rinbosari;

• Bobur Abdullaev, Toshkent shahridagi Amiti universiteti rektori;

• Durdona Rahimova, Toshkent shahar hokimining o`rinbosari;

• Elbek Shukurov, Sergeli tumani hokimi;

• Iroda To`laganova, Tennis federasiyasi bosh kotibi;

• Jamshid Egamberdiev, Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vaziri o`rinbosari;

• Milana Xaitova, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ boshqaruvi a`zosi;

• Odiljon Tojiev, Qonunchilik palatasi spikeri o`rinbosari;

• Qurbon Tursunov, Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vaziri o`rinbosari;

• Saidqahhor Xolxo`jaev, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish vazirining birinchi o`rinbosari;

• Umid Shodiev, O`zbekistonning YuNESKOdagi elchisi;

• Xushnud Xudoyberdiev, O`zA bosh direktorining o`rinbosari;

• Yusuf Absoatov, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziri o`rinbosari.

Bugungi raqamlashtirish davrida davlat xizmatiga yosh kadrlarni jalb etish masalasi dolzarb vazifalardan bo`lib turibdi. Bu, ayniqsa, aholisining qariyb 18 million nafari yoshlarni tashkil etadigan O`zbekiston voqeligida ahamiyatlidir. Kelgusi o`n yil ichida mehnatga layoqatli aholi soni yana 12 foizga oshishi kutilmoqda. Yosh kadrlarni rahbarlik lavozimlariga ilgari surish, ularning tashabbuslarini qo`llab-quvvatlash turli sohalarda innovasiyalarni joriy etishga, boshqaruvda yangicha yondashishga va zamonaviy usullarni qo`llashga keng imkon yaratadi. 

    Boshqa yangiliklar