Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumani hokimining o`rinbosari - mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash bo`limi boshlig`i chorvachilik bilan shug`ullanmoqchi bo`lgan fuqaroning ishonchiga kirib, unga mazkur tuman hududidan 500 gektar er maydoni ajratib berish evaziga 40 ming AQSh dollari hamda mansabdor tanishlari orqali Muborak tumani hokimligining zahira er fondidan 500 gektar er maydoni olib berish evaziga 40 ming AQSh dollari, jami 1000 gektar er uchun 80 ming AQSh dollari talab qiladi.
U so`ralgan puldan 50 ming AQSh dollarini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati bo`yicha boshqarmasi, viloyat prokuraturasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlandi.
Boshqa holatda esa Qashqadaryo viloyati tumanlaridan biridagi ko`p tarmoqli markaziy poliklinika bosh shifokori mazkur tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli avtomashinalar turar joyidan davlat sherikchiligi asosida pullik avtoturargoh tashkil etish uchun ushbu birlashmadagi tanishi orqali 20 sotix er ajratilishida yordam berish evaziga 2 ming AQSh dollari talab qilib, shundan 500 AQSh dollari va 10 mln. so`m pul mablag`ini o`z xizmat xonasida olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining 168 va 211-moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.






