“Fuqarolarning va tadbirkorlik sub`ektlarining huquqlari kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi.
Kiritilgan qo`shimchalarga muvofiq, nogironlik pensiyalari Chernobil AESdagi avariya oqibatida III guruh nogironi bo`lgan shaxslarga ham to`lanadi. Ilgari faqat I va II guruh nogironlariga to`lanishi belgilangan.
Oilaning mehnatga qobiliyatsiz a`zolari (bolalar, aka-ukalar, opa-singillar va nabiralar) yoshi 18 yoshgacha etib belgilandi. Ilgari 16 yoshgacha edi.
O`quvchilar va talabalar o`qishi davomida, 23 yoshgacha boquvchisini yo`qotganlik nafaqasini olishi mumkinligi belgilandi. Ilgari 18 yoshgacha edi.
Bolani parvarishlash ta`tilining ish stajiga qo`shiladigan davri 6 yil etib belgilandi. Ilgari jami 3 yildan ko`p bo`lmagan davr kiritilgan. Qonunga ko`ra, avtomobillar elektron auksion orqali ijaraga berilganda shartnomani notarial tasdiqlash talab etilmaydi.
Shuningdek, quyidagilarning qo`shilgan qiymat solig`idan ozod qilish muddati 2022 yil 30 aprelgacha uzaytirildi:
- O`zbekistonga o`simlik yog`i, kungaboqar va zig`ir urug`i, shuningdek soya danagini olib kirish;
- o`simlik yog`ini (paxta yog`idan tashqari) ishlab chiqarish va (yoki) realizasiya qilish bo`yicha aylanma.






