Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati buster doza bilan emlash qanday tartibda amalga oshirilishi haqida ma`lumot berdi.
Ta`kidlanishicha, buster doza bilan emlanuvchi kontingentga to`liq vaksina kursini yakunlagan, o`z navbatida vaksinaning birinchi dozasini olganiga 6 oy va undan ortiq vaqt o`tgan aholi qatlami kiradi.
Buster doza olmoqchi bo`lgan aholi respublikaning barcha davolash profilaktika muassasalarning emlash punktlarida emlanishlari mumkin.
Emlash punktida buster dozani vaksinaning har qanday turidan foydalangan holda olishi mumkin.
Tahlillarga ko`ra 2021 yil 1 aprelidan 1 avgustigacha bo`lgan muddat oralig`ida birinchi doza vaksina bilan emlangan fuqarolar fevral oyigacha birinchi dozasini olganiga 6 oy va undan ortiq vaqt o`tgan aholi qatlamiga kirib, ular 5,2 mln. nafarni tashkil etadi. Shundan 733,8 ming nafari bugungi kungacha buster doza bilan emlangan.
Mutaxassislarning fikricha buster doza vaksina bilan emlanish “alfa”, “delta” shtammlaridan tashqari “omikron” shtammi bilan chaqirilgan COVID-19 kasalligidan ham himoya qila oladi. Mabodo kasallik yuqib qolgudek bo`lsa ham u jiddiy asoratlarsiz, engil o`tib ketadi.
Bir qator mamlakatlar tajribasi hamda Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining tavsiyalariga ko`ra, koronavirus kasalligi avj olishini bir necha marotabaga kamaytirish va o`lim holatlarini oldini olishda yagona hamda zaruriy chora aholi orasida jamoaviy immunitet tarangligini muntazam ravishda barqaror ushlab turish uchun vaksinasiya (2 va 3 marotaba emlanish) tadbirlarini jadallashtirish va buster doza bilan emlash ekanligi aytilmoqda.






