Qirg`iziston sobiq prezidenti So`ronboy Jeenbekovning qudasi, mamlakat parlamentining sobiq deputati Aliyarbek Abjaliev hibsga olindi. Bu haqda 24.kg xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, sobiq xalq deputati firibgarlikda gumonlanib, qo`lga olingan.
Milliy xavfsizlik davlat qo`mitasi sobiq deputatning hibsga olingani haqidagi ma`lumotni tasdiqladi. Biroq tergov sirini nazarda tutib, gumonlanuvchining ismi ko`rsatilmagan.
“Milliy xavfsizlik davlat qo`mitasiga fuqaro A.A.ning firibgarlik harakati natijasida 2 million dollar zarar ko`rgan tadbirkor murojaat qilgan. Mazkur holat yuzasidan Qirg`iziston Respublikasi Jinoyat kodeksining “Firibgarlik” moddasi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. A.A. hibsga olingan va tegishli tartibda javobgarlikka tortilgan. Sud unga nisbatan tergov davrida qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo`llanildi”, — deyiladi departament xabarida.






