Pekin shahrida XXIV qishki Olimpiya o`yinlari o`z yakuniga etib bormoqda. Bugun unda ishtirok etgan O`zbekiston delegasiyasining chiqishi nihoyasiga etdi.
Bu Olimpiadada yurtimiz sharafini tog` chang`ichimiz Komiljon To`xtaev himoya qildi. Komiljon unda gigant slalom va slalom dasturlarida ishtirok etdi. Aytish mumkinki, gigant slalom hamyurtimiz uchun omadli keldi. 87 sportchi start olgan ushbu dasturda sportchimiz 29-natijaga erishdi, 46 chang`ichi finishga kela olmadi. Bu uning uchun nafaqat faoliyatidagi, balki Osiyo va MDH vakillari orasidagi eng yuqori ko`rsatkichdir. Shuningdek, bu qishki Olimpiadalarda gigant slalom dasturida hamyurtlarimiz qayd etgan eng yaxshi natija bo`ldi.
Afsuski, texnik jihatdan juda murakkab hisoblangan slalom dasturi omadsiz yakunlandi. Finishga bir necha metrlar qolganida To`xtaev darvozalardan o`tishda xatoga yo`l qo`ydi va diskvalifikasiya qilindi. Shunday bo`lsa ham, bu Olimpiada orqali Komiljon kelgusi faoliyati uchun ulkan tajriba to`pladi.
O`zbekiston Milliy Olimpiya Olimpiya qo`mitasi Komiljon To`xtaevning kelgusi faoliyatida omad va zafarlar tilab qoladi. Uning qo`lga kiritgan yo`llanmasi orqali ushbu Olimpiadada ishtirok etgan 91 mamlakat orasida O`zbekiston nomi tilga olinadi.






