AsosiySiyosat

Sardor Umurzakov Pokiston bosh vaziri Imron Xon bilan uchrashdi

'Sardor Umurzakov Pokiston bosh vaziri Imron Xon bilan uchrashdi'ning rasmi

Islomobod shahrida O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari - investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon bilan uchrashdi. Bu haqda vazirlik xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, suhbat chog`ida ustuvor yo`nalishlarda ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va uni kengaytirish istiqbollari muhokama qilingan. 

Tomonlar investisiyaviy, savdo-iqtisodiy, shuningdek, transport va logistikada hamkorlikni yanada kuchaytirish chora-tadbirlariga alohida e`tibor qaratishgan.

O`zbekiston va Pokiston iqtisodiy sheriklik o`sib borayotgan ko`rsatkichlarining fonida ikkala mamlakat o`zaro savdo aylanmasi hajmini oshirish, birgalikda amalga oshirilayotgan investisiya loyihalari sonini ko`paytirish hamda sanoat kooperasiyasini chuqurlashtirish uchun foydalanilmagan salohiyatga ega ekani qayd etilgan. Ta`kidlanishicha, 2021 yilda pandemiyaning salbiy oqibatlariga qaramay, mamlakatlar o`zaro savdo hajmini 50 foizga oshirishga muvaffaq bo`lishdi va so`nggi bir necha yil ichida O`zbekistonda Pokiston kapitali ishtirokida faoliyat ko`rsatadigan korxonalar soni deyarli 6 baravarga oshgan.

 Shu bilan birga, tomonlar engil sanoat, qishloq xo`jaligi, sog`liqni saqlash va boshqa sohalarda investisiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni faollashtirish bo`yicha jadal ish olib borayotgani ma`lum qilishgan. Mavjud barcha masalalarni hal etishga, xususan, Imtiyozli savdo to`g`risidagi bitimni kelishish va Tranzit savdosi to`g`risidagi bitimni amalga oshirish bo`yicha Qo`shma harakatlar rejasini hayotga joriy etish bilan bog`liq qo`shma tadbirlarni ilgari surishga o`zaro tayyorlik bildirilgan.

Shuningdek,"Termiz-Mozori-Sharif-Kobul-Peshavor" trans-afg`on temir yo`lini qurish loyihasi va uni amalga oshirish bo`yicha navbatdagi tadbirlarga alohida e`tibor qaratilgani aytiladi. 

Ma`lum bo`lishicha, nafaqat mamlakat, balki hududlararo hamkorlikni kengaytirish masalalari ham muhokama qilingan. 

"Uchrashuv yakunida muhokama qilingan yo`nalishlar doirasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish bo`yicha navbatdagi tadbirlar belgilab olindi va kelishildi",-deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar