AsosiySiyosat

Bosh vazir o`rinbosari Sardor Umurzoqov Qobulda "Tolibon" rahbariyati bilan uchrashuvlar o`tkazdi

'Bosh vazir o`rinbosari Sardor Umurzoqov Qobulda "Tolibon" rahbariyati bilan uchrashuvlar o`tkazdi'ning rasmi

Kobul shahrida O`zbekiston va Afg`oniston delegasiyalarining kengaytirilgan yig`ilishi bo`lib o`tdi. Bu haqda Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Ma`lum qilinishicha, O`zbekiston tomoniga O`zbekiston Bosh vazirining o`rinbosari - investisiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov, Afg`oniston tomoniga esa Afg`oniston muvaqqat hukumati rahbarining o`rinbosari Abdul G`ani Baradar boshchilik qildi.

Uchrashuv chog`ida tomonlar investisiyalar, savdo, transport va logistika, energetika, qishloq xo`jaligi, ta`lim va sog`liqni saqlash sohalarida o`zbek-afg`on hamkorligining kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr almashdi.

Afg`on tomoni mamlakatda xavfsizlikni ta`minlash, iqtisodiyot va ijtimoiy sohani tiklash hamda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ko`rilayotgan chora-tadbirlar haqida ma`lumot berdi.

"Termiz - Mozori-Sharif - Kobul - Peshavor" trans-afg`on temir yo`lini qurish loyihasini amalga oshirish bo`yicha hamkorlikni faollashtirishga alohida e`tibor qaratildi. Tomonlar loyihani hayotga tatbiq etishning amaliy jihatlarini muhokama qilib, mavjud barcha masalalarni birgalikda hal qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Muloqot chog`ida O`zbekiston kompaniyalarini infratuzilmani qurish va tiklash, qishloq xo`jaligini rivojlantirish va tabiiy resurslarni qazib olish bo`yicha qo`shma loyihalarda ishtirok etishga jalb qilish imkoniyatlari ham ko`rib chiqildi. Yaqin kelajakda o`zbek – afg`on savdo-iqtisodiy hamkorligini rivojlantirish bo`yicha Tadbirlar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash hamda uni amalga oshirish bo`yicha birgalikda ish olib borishga kelishildi.

Shuningdek, tomonlar yaqin orada o`zaro savdo hajmini oshirish va ikki davlat hududlari orqali tranzitni ko`paytirish mexanizmlarini ishlab chiqishga kelishib oldi.

Uchrashuv chog`ida ikki mamlakat vazirlik va idoralari rahbarlari alohida yo`nalishlar kesimida hamkorlikni yanada rivojlantirish bo`yicha takliflarni ilgari surdilar va yuzaga kelayotgan masalalarni hal qilishni tezlashtirish maqsadida ikki tomonlama aloqalarni faollashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Tadbir yakunida delegasiyalar rahbarlari muhokama qilingan hamkorlik yo`nalishlari doirasida ikki tomonlama munosabatlarni kengaytirish ustuvorligini ta`kidladilar va erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo`yicha keyingi tadbirlarni belgilab oldilar.

 

 

    Boshqa yangiliklar