Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Masjidun-Nabaviy hududidagi Ravzai muborakka ayollar kirolmayapgani to`g`risida xabarlar tarqalmoqda. O`zbekiston musulmonlari idorasi ushbu masala yuzasidan vakolatli mutasaddilar bilan tegishli o`rganish ishlarini olib bordi, deya xabar bermoqda Idora matbuot xizmati.
Ma`lum bo`lishicha, ayni kunlarda Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligi joriy etgan yangi tartibga binoan Madinai munavvaradagi Nabiy sollallohu alayhi vasallam ravzalariga ayol ziyoratchilarning aksariyati kiritilmayapti. Boshqacha qilib aytganda, ayollar uchun Masjidi Nabaviyda ibodat va namoz o`qish uchun kirish-chiqish bemalol, faqatgina ushbu masjidning hududida joylashgan Ravza qismiga kirishga vaqtinchalik cheklovlar o`rnatilgan.
Shu munosabat bilan O`zbekiston Respublikasining Jidda shahridagi bosh konsulxonasi vakillari 20 fevral kuni Saudiya Arabistoni Haj va Umra vazirligi vakili Abdulaziz bin Abdulrahim Vazzan bilan uchrashuv o`tkazib, Masjidun-Nabaviydagi Ravzai sharif ziyoratiga qo`yilgan cheklovlar muhokama qilindi.
Vazzan janoblariga ko`ra, shu yilning fevral oyi boshlarida karantin cheklovlari qaytadan kuchaytirilgani sababli, sig`im imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda ayollar uchun Ravzai sharifni ziyorat qilish jadval asosida, har kuni 2 marotaba (soat 08:00-12:00 va 16:00-24:00)da amalga oshirilib, oraliq masofani saqlash sharti bilan har 30 minutda faqatgina 500 nafar ayol (shundan 200 nafari mahalliy axoli)ga ziyorat uchun ruxsat berilgan. Cheklovdan oldin, ya`ni 5 fevralga qadar bir vaqtning o`zida 1500 nafar ayolga ruxsat berilgan edi.
Ravzai sharifni ziyorat qilish navbati asosida, “I`tamarna” mobil ilovasi orqali yakka tartibda (ziyoratchi tomonidan) yoki hamkor shirkat tomonidan “Tawof” platformasida jamoaviy ruxsatnoma olish orqali tashkil etilmoqda.
Ayni vaqtda karantin cheklovlari hamda navbat yuqoriligi sababli ko`p davlatlarning ayol ziyoratchilari, shu jumladan o`zbekistonlik ayollar uchun ham Ravzai sharifni ziyorat qilish vaqtincha imkonsiz bo`lmoqda.
Ta`kidlash lozimki, ayollar uchun Ravzai sharifga kirishga ruxsatnoma olish uchun Podshohlik hududiga kirgandan boshlab o`rtacha 10 kunga qadar kutish talab etilmoqda.
Shu munosabat bilan hamda Haj va Umra vazirligining “1443 hijriy yil umra mavsumi qoidalari va ish yuritish mexanizmlari to`g`risida”gi Yo`riqnomasining 2-bo`lim 3-bandi (“umrachilarning mamlakatga kelishlari va yashashlari bilan bog`liq barcha shartlar va qoidalarni ziyoratchilarga etkazish”) asosida Ravzai sharifdagi cheklovlar yuzasidan ziyoratchilarni xabardor etish taklif etildi.
Alloh nasib etsa, joriy yil mart oyidan boshlab karantin cheklovlari yumshatilib, Ravzai sharif qabul sig`imi bosqichma-bosqich ko`paytirilishi kutilmoqda.
Ma`lum qilamizki, ushbu masalada engillik qilish maqsadida, O`zbekiston musulmonlari idorasi Tashqi ishlar vazirligi orqali O`zbekiston Respublikasining Saudiya Arabistonidagi elchixonasi vositachiligida Haj va Umra vazirligiga bevosita xat yo`llagan.
Ushbu jarayonlarni O`zbekiston musulmonlari idorasi diqqat bilan kuzatib borib, umrachilarga ziyoratlarini to`liq amalga oshirish bo`yicha barcha zarur chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
O`zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati






