AsosiySiyosat

Prezident BMT Kontrterror boshqarmasi rahbari bilan uchrashuv o`tkazdi

'Prezident BMT Kontrterror boshqarmasi rahbari bilan uchrashuv o`tkazdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2 mart kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining o`rinbosari – Kontrterror boshqarmasi rahbari Vladimir Voronkovni qabul qildi. U BMTning Global aksilterror strategiyasi bo`yicha Toshkent xalqaro konferensiyasi doirasida mamlakatimizda bo`lib turibdi.

Uchrashuv avvalida Vladimir Voronkov O`zbekiston Prezidentiga Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini etkazdi. Ertaga poytaxtimizda ish boshlaydigan ikki kunlik nufuzli xalqaro konferensiyani o`tkazish tashabbusi va uning tashkil etilgani uchun alohida minnatdorlik bildirildi.

Mamlakatimizning BMT institut va tuzilmalari, shu jumladan Kontrterror boshqarmasi bilan amaliy hamkorligini yanada rivojlantirish masalalari ko`rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari sermahsul hamkorlikning bugungi darajasini mamnuniyat bilan qayd etdi. Xususan, O`zbekiston boshqarmaning terrorchilikka qarshi kurashish borasidagi 15 ta loyihasini amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda.

Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlarining yangilangan Qo`shma harakat rejasini amalga oshirish va loyihalar sonini ko`paytirishga alohida e`tibor qaratildi.

BMT Bosh Assambleyasi tomonidan O`zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan “Ma`rifat va diniy bag`rikenglik” rezolyusiyasi doirasida ko`p tomonlama tadbirlar o`tkazish, yoshlarni ekstremizm va terrorizmning salbiy ta`siridan himoya qilish, “qaynoq nuqtalar”dan qaytarilgan shaxslarni reabilitasiya va reintegrasiya qilish sohasida tajriba almashish hamda kadrlar tayyorlash yo`nalishida hamkorlik qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Mintaqa kun tartibidagi masalalar, shu jumladan Afg`onistondagi vaziyatning rivojlanishi, afg`on xalqiga ko`maklashish va yordam ko`rsatish choralarini ko`rish yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida O`zbekiston va BMT Kontrterror boshqarmasi o`rtasidagi amaliy sheriklikni kengaytirish bo`yicha qo`shma “yo`l xaritasi”ni tayyorlash to`g`risida kelishuvga erishildi.

    Boshqa yangiliklar