AsosiyMutolaa

Biz o`limni sezamizmi?

Bu voqeani tahririyatga qo`ng`iroq qilgan jizzaxlik mushtariy — Jamol Nasriddinov hikoya qilib berdi. Uning so`zlari, suhbati noodatiy savollar bilan boshlandi...

— Siz biror marta o`lim qarshisidagi insonni kuzatganmisiz? Bir bor bo`lsa-da, ajali yaqin odam bilan suhbat qurganmisiz? Men esa bu kabi insonlarga xayotim davomida bir necha marta ro`baro` keldim. Kuzatib amin bo`ldimki, ayrim insonlar o`z o`limini oldindan sezadilar.

Bobom vafot etganida bor-yo`g`i o`n yoshda edim. Ammo ko`p narsa xotiramda qolgan va o`sha paytdayoq tahlil qila olgan ekanman. Endi o`ylasam, bunda ham bobomning roli katta bo`lgan va u kishi o`limiga meni ruhan tayyorlab kelgan. 

Ishonsangiz, men bobomdan bir qadam ham uzoqlashmas, doim ortidan qolmaydigan nevaralaridan edim. Birga qo`y boqardik, choyxonaga chiqardik, mehmonga borardik. 

— Bu mening “dumim”, u yonimda bo`lmasa bir nimamni yo`qotgandek bo`laveraman, — derdi bobom tengqurlariga meni ko`rsatib.

O`zi ham o`rganib qolgani uchunmi, biror o`yinga chalg`ib qolsam darrov yoniga chaqirardi. Menam o`sha zahoti ergashardim. Lekin bora-bora meni o`zidan uzoqlashtira boshladi. 

— Sen darsingni qil, o`zim qo`ylarga qarayman.

— Buving bilan borib kel, men ozroq dam olay...

— Oyingga yordam ber, men qo`shni buvangni yo`qlab kelay...

Bobomning bu kabi so`zlaridan xafa bo`la boshladim. Sirtimda chiqarmasam-da, ichimda ranjirdim. Afsuski, bir oydan so`ng soppa-sog` yurgan bobom tongni jonsiz qarshiladi. Eng qizig`i, o`sha tunda menga tayinlagan gapi edi. Ko`zimga uyqu inguncha ikki bor uqtirdi:

— Ertalab erta turib, qo`ylarga o`zing qara. Men uyg`otma. Buvingga aytib ket, o`zi uyg`otadi. 

Kichik bo`lganim uchun men bu gaplar zamirida ne borligini anglamadim. Bobomning odatdagi meni o`zidan yiroqlashtirishi deb tushundim. Aytganini qildim ham. Uyg`ongan zahotimoq, turib qo`ylarni haydab ketdim. Meni hamon hayratga solgani narsa o`sha kuni qo`ylarimizning qo`radan chiqishni istamagani bo`ldi. Har kuni qirga qarab yuguradigan qo`ylar o`zini qo`raning to`riga urardi. Amallab haydab ketdim. Ketguncha ham uyga intilishdi ular. Oradan bir soat o`tar-o`tmas uyimiz tomondan kelayotgan ovoz meni sergak torttirdi. Quloqlari ding bo`lgan oldimdagi jonivorlar ham bir nimadan hurkkandek, tipirchilab uy tomon yugurishdi. Noiloj men ham ular ortidan chopqilladim. Kelib bildimki...

Men hamon hayron qolaman. Bobom o`limini oldindan sezib, mening qo`rqib ketmasligim uchun uyg`otmasligimni so`radimi? Odatda hammadan oldin uyg`onardi-ku! Nahot, bobom bor e`tiborini berib parvarishlaydigan qo`ylar ham uning o`limini sezdimi? Yo bu voqealar oddiy tasodifmi?

Ba`zan buni tasodifga yo`ygim keladi. Biroq yana bir voqea odamlar o`limini oldindan sezishi mumkin, degan fikrga kelishimga turtki bo`ladi. Bunga uncha ko`p bo`lgani yo`q. Eng yaqin o`rtog`im bir necha bor qo`ng`iroq qilib dedi:

— Jo`ra, men ketadigan bo`lsam, bolalarim bilan xabarlashib tur.

— Qayoqqa ketayapan? — dedim hayron bo`lib. 

— Mabodo... deyman-da... — dedi u xo`rsinib.

Men boshqalar qatori chetga ishlagani ketmoqchidir, deb xayol qildim. Afsus, ming afsuski, u yaqinda avtohalokat tufayli vafot etdi. Shuning o`limi sabab ham sizlarga qo`ng`iroq qildim. Nahot, odamzot o`z o`limini sezadi? Siz nima deysiz? Shunday sinoatga duch kelganmisiz?

KAMINA yozib oldi

    Boshqa yangiliklar