O`zbek kino olamida alohida o`rniga ega, xalqimizga “qaynona” obrazi bilan sevimli bo`lgan Saida Rametova xonadonida mehmon bo`ldik. Biroz avval og`ir kasallikka chalinib, uni engib o`tgan, yaqinda esa o`g`li Aziz Rametovni uylantirgan va oradan hech qancha vaqt o`tmay katta o`g`lidan egizak nabiralar ko`rganidan boshi osmonda aktrisa bugun baxtli kunlardan sarmast. Suhbat davomida shov-shuvlarga boy to`y tafsilotlari, oila va aktrisa bilan bog`liq boshqa savollarga oydinlik kiritdik.
Sizni ketma-ket quvonchli kunlaringiz bilan tabriklaymiz. Yangi kelin va egizak nevaralar qutlug` bo`lsin!
— Avvalo, katta rahmat. Hammangizga ketma-ket, qo`shaloq, quvonchli kunlar nasib qilsin. Bilasizmi, men avvaldan egizak nabiralarim bo`lishini niyat qilardim. Chunki bizning ham, katta kelinim Shohistaning ham, turmush o`rtog`im Jumadulla Rametovning ham avlodlarida egizaklar bor-da. O`zimda faqat o`g`il farzandlar bo`lgani uchun, Yaratgandan doim ko`p qiz nabiralar so`raganman. Qizlar baribir boshqacha-da. Shukrki, kelinim kuni kecha Fotima-Zuhra nabiralarimni dunyoga keltirdi. Hech qaerda aytilmagan bir sirni aytaman. Kelinim homiladorligining birinchi oylari biroz hadiksiradik. Sababi kelinim qirq yoshga yaqinlashib qolgan-da, uch farzandning onasi, tug`ruq qiyin kechishidan cho`chidik. Lekin shifokorimiz baraka topsin, ko`nglimizni ko`tardi. Mana, bir zumda bir emas, ikki chaqaloqni qo`limga tutqazdi. Endilikda katta farzandim Ulug`bekning besh nafar bolasi bor.
Ko`pchilik sizni yigirma yillik qaynona ekaningizdan bexabar…
— Shunday ekan! (hayratlanib kuladi) Chindan ham, men katta o`g`limni uylantirganimga yigirma yil bo`lib qoldi. Eng katta nabiram o`n to`qqiz yoshda, u universitetda o`qiydi. Katta kelinimdan ham qaynona bo`lib juda katta narsalarni talab qilmayman. Hamma narsa me`yorida bo`lsa yaxshi-da! U aslida o`zimdan ham chaqqon, tinim bilmaydi. Yigirma yil ichida balki shuning uchun ham hech sen-menga bormaganmiz. Erkinlik berish bilan birgalikda kelinim ishga chiqishidan avval “Tozalikda gap katta, hammasiga ulgursangiz ishlang. Er, qaynota-qaynonaning ko`nglini olish, farzand tarbiyasi ham bor” deb eslatganman. O`zim ham endi turmush qurgan paytimda ham uy ishi, ham san`atni eplashga harakat qilardim. Hozir shular haqida o`ylasam, o`zimga qoyil qolib ketaman. Ko`pchilikning aytishicha, hozir Dilnoza Kubaevaga qarab, mening yoshligimni eslashar ekan. Ayollar agar o`z ishlarini yaxshi ko`rib, dangasalikdan qochishmasa, hamma narsaga ulgurish mumkin.
Yangi keliningiz Shahloxonni anchadan buyon tanir ekansiz, obdon sinovingizdan o`tganlarmi, deyman?
— Men zebigardonlarni, chiroyli bezakli ko`ylaklar kiyishni juda yaxshi ko`raman. Kelinimning ishi ham mana shu zebigardonlar, bezaklar bilan bog`liq. Buni qarangki, o`zi katta kelinim Shohista ham chiroyli liboslar tikadi. Mana shunday qilib avvaliga ular birgalikda ishlab yurishdi. Aziz ham ularning ishlarini reklama qilib yordam berishni boshladi. Mana shu davr ichida biz bir-birimizni ozmi-ko`pmi o`rgandik.
Bilasiz, xalqimiz mish-mishni yaxshi ko`radi. Odamlar orasida “Aziz Rametov onasining ko`ngliga qarab uylandi” degan gaplar ham yo`q emas.
— Agar Aziz mening ko`nglimga qarab uylanadigan yigit bo`lganida 33 yoshgacha uylanmay yurmasdi. To`g`ri, kelinga, avvalo, men og`iz soldim. “Mana shu qiz o`zining odobi, mehribonligi bilan menga yoqyapti” deb katta kelinimga aytganimda, u ham gaplarimni tasdiqladi. Buni qarangki, hamma oila a`zolarimiz bir ovozdan bu qizni maqtashdi, unga qarshi hech kim yomon fikrda bo`lmadi. Keyin sekingina Azizning yonidan o`tdim. Aziz kulgancha “Hazillashyapsizmi, oyi”, deb kulib ham qo`ygandi. Oradan ko`p vaqt o`tmay esa “Sovchilikka boring, oyi”, deb qoldi. Hayron bo`lib, kelinning kimligini so`rasam, Shahloxon haqida aytib qoldi. Shunday qilib Surxondaryoga qarab sovchilik uchun yo`l oldik. Bilasizmi, mish-mishlarga kelsak, odamlar doim gapirgan. Bir paytlar men bilan Jumadulla Rametovni ham “bular hali ajrashib ketadi” deya gap tarqatishgan edi. Ular orasida biz qolib, o`zi ajrashib ketganlar ham ko`p. Ba`zilar “Artistlarning oilasi uzoqqa bormaydi” deya tez-tez gapirishadi. Ammo oilani asrab qolish masalasi bunga qaramaydi. Nima bo`lgan taqdirda ham oilani saqlab qolishga urinish kerak. Ikki insonning o`rtasida hamma narsa o`tadi. Sabr qilsangiz, yomon kunlar ortda qoladi.
Taqdir sizni baxtli kunlar bilan taqdirlashdan avval sinovlari bilan ham siyladi… Bugun esa dardni enggan ayollar qatoridasiz…
— To`g`ri, Yaratgan meni sinadi. Shu bilan birga, meni qiyin kunlardan olib o`tdi ham. Kasallikka chalinganimni Turkiyada bilgan edim. Shunga qaramay davolanish uchun yana O`zbekistonga qaytdim. O`zimizning shifokorlarga ixlos qo`yganman. Shifoxonada yotganimda bir narsaga e`tiborimni qaratdim. U erdagi shifokorlar hammaga bir xilda muomala qilishdi. Faqat menga, aktrisa bo`lganim uchungina yaxshi munosabatda bo`lishyapti deb o`ylasam, boshqalarga ham mehr bilan qarashayotgan ekan. Kasal inson xuddi yosh boladay mehrga chanqoq turadi. Ko`zlari jovdirab hammaga umid bilan qaraydi. Hozir bu kunlardan o`tib oldim, ahvolim yaxshi. Menga tez-tez dardga yo`liqqan ayollar qo`ng`iroq qilib, “Sizdan kuch olyapmiz. Motivasiya beryapsiz” deb ham gapirishadi. Ilohim, hamma dardli insonlar shifo topishsin. Va men kabi ketma-ket baxtli onlarga etib yurishsin!
Mohigul DIYoRXO`JAEVA suhbatlashdi
“Даракчи” gazetasi, 12-son, 2022 yil, 24 mart