1

O‘zbekiston xorijiy kompaniyalar va investorlar uchun jozibador hududga aylanmoqda

Iqtisodiyot 25.03.2022, 19:07
O‘zbekiston xorijiy kompaniyalar va investorlar uchun jozibador hududga aylanmoqda

Poytaxtimizda davom etayotgan Toshkent xalqaro investisiya forumi dunyoning 56 davlatidan tashrif buyurgan ekspertlar va ishbilarmonlik muhiti vakillarining uchrashuvlari uchun muhokamalar maydoniga aylandi. 1,5 mingdan ortiq ishtirokchi uchun O`zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega bo`lgan mavzular muhokamasiga bag`ishlangan boy dastur tayyorlangan. Ulardan biri xususiylashtirish dasturini kengaytirishdir.

O`zbekistonda xususiylashtirish jadal sur`atlarda rivojlanmoqda. Xususan, bu transport, energetika, kimyo sohalari, shuningdek, sanoat va telekommunikasiya sohalariga taalluqlidir. Vazirlik va idoralar vakillari, shuningdek, etakchi xorijiy kompaniyalar mutaxassislari bilan muloqot doirasida ishtirokchilar ushbu yo`nalishdagi so`nggi tendensiyalar bilan tanishish, O`zbekiston va boshqa mamlakatlardan kelgan investorlar uchun ochilayotgan imkoniyatlarni muhokama qilish, shuningdek, xorijiy ishbilarmonlar ishtirokidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun o`sish nuqtalarini aniqlash imkoniga ega bo`ldilar.

Moliya vazirining birinchi o`rinbosari Omonullo Nasritdinxo`jaev Toshkent xalqaro investisiya forumining birinchi kunida davlatimiz rahbarining ma`ruzasida bugungi kunda O`zbekistonda xususiylashtirish amalga oshirilayotgan eng muhim jarayonlardan biri ekanini ta`kidlaganini alohida qayd etib o`tdi. Biz rivojlanish strategiyasini ishlab chiqdik, bunda yalpi ichki mahsulotdagi xususiy sektor ulushini 80 foizga etkazish maqsad qilingan. Yirik xususiylashtirish loyihalari faqatgina jahon amaliyotiga mos ravishda amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda davlat tomonidan 1,5 mingga yaqin aktivlar sotuvga qo`yilgan bo`lib, ularning har birini yakka tartibda sotish jarayonini ko`rib chiqyapmiz. Ahamiyati kam bo`lmagan boshqa aktivlar ham ma`lum individual strategiyaga muvofiq sotiladi.

— O`zbekiston xorijiy kompaniyalar va investorlar uchun jozibador hududga aylanmoqda. Ayrim qiyinchiliklarga qaramay, mamlakatimizda investorlarning ishlashi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga harakat qilmoqda. Ularni qiziqtirgan asosiy masala – barqarorlik», – deydi Investisiyalar va tashqi savdo vaziri o`rinbosari Shuhrat Vafaev. – Biz qonunchiligimiz qanchalik adolatli va barqaror ekanligini ko`rsatishimiz kerak. Shu bois biz ularga faoliyatida hech qanday muammo bo`lmasligi haqida kafolat beryapmiz. Investor shartnoma imzolaganida, u ko`plab majburiyatlarga duch keladi. Shu sababli, turli qiyinchiliklar paydo bo`lishi mumkin, ammo shaffof va tushunarli qonunchilik ushbu muammolarni hal qilishga yordam beradi.

— Yaqinda Prezidentning 2022 yil 18 martdagi «Iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi qarori qabul qilindi. Ushbu hujjatni tayyorlashda biz inventarizasiya o`tkazdik, bu vaqt davomida 2000 dan ortiq davlat aktivlari xususiylashtirishga muhtojligi aniqlandi. Yakuniy ro`yxatga ularning 1,5 mingdan ortig`i kiritilgan», — dedi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori o`rinbosari Bekzod Usmonov. «Endi biz davlat ob`ektini auksionda uning qiymatini belgilamasdan amalga oshirish tajribasini davom ettirmoqdamiz — investorlarning o`zlari takliflar berishadi. Shunday qilib, biz Coca-Cola Bottlers Uzbekistan’ning davlat ulushini, bir qancha mehmonxonalarni sotdik, hozirda “Farg`onaazot” AJ aktivlari, Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasi va boshqa aktivlar auksion savdolariga qo`yildi. 2021 yilgacha biz ob`ektlarni narxini e`lon qilgan holda taqdim etdik va ularning deyarli barchasi auksionda qoldi. Xuddi shu farmon doirasida hokim o`rinbosarlariga bo`sh turgan ob`ektlar bo`yicha arizalarni aniqlash va ko`rib chiqish vakolati ham berildi. Agar investorlarning takliflari 10 million dollardan yuqori bo`lsa, maslahatchilar bizning agentlik bilan kelishilmagan holda bitimni o`zlari bajarishga haqli.

— Coca-Cola kompaniyasini xususiylashtirish jarayoni qanday o`tganidan hayratda qoldik – ko`plab xalqaro ishtirokchilar ishtirok etdi, hammasi ochiq, shaffof va yuqori darajada o`tdi, deya qayd etib o`tdi The Coca-Cola Company mintaqaviy direktori Shadab Ahmad Xon. – O`zbekiston investorlar uchun ochiq – bu erda tender jarayoni, yirik sarmoyalar ochiq va biz bundan keyin ham shunday bo`ladi degan umiddamiz – bu birinchi navbatda o`zbekistonlik iste`molchi uchun foydalidir.

Indorama Corporation bosh direktori Prakash Kejrival O`zbekiston hukumati xususiylashtirishni qo`llab-quvvatlayotganini alohida ta`kidladi — buning dalili mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar, deya ta`kidladi u. Xususiylashtirish jarayonida manfaatlar to`qnashuvi bo`lmasligi kerak — bu ham investorlarning ishonchini kamaytiradi.

«Progressiv, dinamik va islohotlarga ochiq – O`zbekistonga ilk bor kelganimda xayolimdan o`tgan ilk so`zlar shunday bo`lgandi », deya ta`kidladi XMKning Yaqin Sharq, Markaziy Osiyo, Turkiya, Afg`oniston va Pokistondagi DXSh loyihalarini strukturizasiya qilish bo`yicha mintaqaviy maslahat dasturi menejeri Munir Firuzi. — Oradan olti oy o`tib, shartnoma imzoladik. Elektr stansiyasini xususiylashtirdik, Namanganda loyiha bor, bugun forum doirasida yana bir shartnoma imzolaymiz. Xususiy sektorning xususiylashtirishga qiziqishi va davlat yaratib berayotgan shart-sharoit – ijobiy muhit shakllangani, muloqot, fikr-mulohazalar, sheriklik munosabatlari yo`lga qo`yilganini mamnuniyat bilan qayd etaman. O`zbekiston investorlar uchun jozibador bo`lishi uchun muddatlarga rioya qilish, banklarning kuchli, barqaror faoliyat olib borishi, investor yuzaga kelishi mumkin bo`lgan risk va xarajatlardan xabardor bo`lishi kerak.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1