AsosiyMadaniyat

"Darvozam oldida yigirma-o`ttizta mashina meni kutib turgan paytlar ham bo`lgan..." – G`iyos Boytoev

'"Darvozam oldida yigirma-o`ttizta mashina meni kutib turgan paytlar ham bo`lgan..." – G`iyos Boytoev'ning rasmi

O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist G`iyos Boytoevning qo`shiqlari dilga yaqin. Garchi hamon klipsiz taqdim etilayotgan bo`lsa-da, muxlislar qalbiga yo`l topishda davom etmoqda. Bu san`atkorning o`ziga xos iqtidori, yo`nalishi va tinimsiz mehnatlarining mevasidir. 

— Can`atkor sifatida klip­larga munosabatingiz qanday?

— Yaxshi. Klip she`r va musiqa bilan uyg`unlashib, qo`shiqning darajasini yanada balandlarga ko`tarishi kerak. Agar faqat chiroyli qiz bilan yigitning qo`l ushlashib yurishidan iborat bo`ladigan bo`lsa, qo`shiqning saviyasi ham tushib ketadi. Afsuski bugungi kunda  shu tariqa suratga olingan engil-elpi kliplar “klip” degan atamaning ham obro`sini tushirib yuboryapti.  

— Agar klip suratga olishga qaror qilsangiz, qaysi qo`shig`ingizga  olgan bo`lardingiz?

— Bir paytlar “Onam yig`lar” qo`shig`imga klip olmoqchi bo`lgandik. O`tirib yaxshilab o`ylab chiqsak, kino bo`lib ketadiganday. Keyin maslahatlashib “Biz nechun uchrashdik qirqdan oshganda” qo`shig`imni tanladik. Uning ham ssenariysi shunaqangi kengayib ketdiki, naq “kino” deysiz. Shunda men, klip qilaman deb, zo`r qo`shiqning ham obro`sini tushirib yuborish hech gap emasligini tushunib etganman.  

— Onalar haqidagi qo`shiqlaringizni dildan kuylagansiz. Shuning uchun ham ularning umri uzoq bo`ldi...

— Bir paytlar aytgan “Onam yig`lar” qo`shig`imni muxlislar haligacha eslashadi. Onaning farzand dog`ida kuyishi, albatta, ayanchli holat. Ammo, hayot faqatgina shodliklardan iborat emasligini hammamiz yaxshi bilamiz. Uning g`amli, achchiq kunlari ham ko`p. Ilohim, hech bir onaning ko`ng­lini bunday g`am egallamasin! Butun dunyo onalarining qalbidagi yaxshi niyatlari ijobatini bersin. “Onasi bor odamlar, hech qachon qarimaydi” qo`shig`im  barcha onalarga bag`ishlangan. Uni ko`zlarida yosh bilan tinglaydigan insonlarni ko`p kuzatganman. Onalarimizni madh etgan bunday qo`shiqlarni qancha  kuylasak, shuncha kam...

— Bolaligim-poshsholigim, deyishadi. O`sha kunlarni qanday voqealar bilan eslaysiz?

— Bolalikda judayam sho`x bo`lganman. Texnikaga, transportga o`ch edim, “velosiped olib bering”, deb uydagilarni holi-jonlariga qo`ymasdim. Akamning motosikllari bo`lardi, shuni minib, har joylarga uraverib yo`q qilganman. Qarindoshlar kelishsa, mashinalariga chiqib olib soatlab o`tirishdan zerikmasdim. U paytlar mashinalar kam, yo`ldan bir kunda bitta mashina o`tib qolsa, katta gap edi-da.

— Ilk bora sahnaga chiqqan kuningiz  yodingizdami?

— Bolalikdan sozandalikka qiziqardim. Avaz akam uydan chiqishlari bilan  men  ruboblarini chalib, opalarim qarsak chalib  o`ynaganlarida sakkiz yashar bola edim. Bu qiziqishimni ko`rgan akam akkordeon olib bergandi. O`shandan keyin jamoa xo`jaligimizning ansamblida qatnashib, akkordeon chala boshlaganman. Shunda ashulani xirgoyi qilganim magnitofonga yozilib qolgan ekan, “Konsertda ayta olasanmi?” deb so`rashgan. Men mardlik qilib “Aytaman” deb yuborganman.                                                                                                                                      Shu so`zim sabab birinchi marta sahnaga chiqqanman. O`shanda tomoshabinlarga yuzma-yuz turib qo`shiq aytgan holatimni hech qachon unutolmasam kerak. Qo`shiq aytyapman-u, oyoq-qo`lim qotib qolayotganidan qo`rqib ketganman. Xuddi nafas ololmay qolganday bo`lganman. Xayolimga qo`shiq aytishning ham o`ziga yarasha siri bor ekan-da, degan fikr kelgan...

— Yulduzlik onlaridan olgan saboqlaringiz?

— Muxlislardan  ko`plab maktublar olardim. Agar hammasi to`plansa, bir katta sandiq to`lardi. Ammo birortasiga ham javob yozmaganman. Jiyanlarim, “biz javob yozsak, maylimi?” deyishardi. Ruxsat berardim.  Yarim tun, ba`zida tongga yaqin xizmatlardan horib-charchab uyga qaytganimda, eshigimiz tagida turgan mashinalarni ko`rib, “Uyimizda tinchlikmikan?” deb qo`rqib ketardim. Bu meni ko`rgani, to`yga aytgani kelgan odamlar bo`lardi. Hatto yigirma-o`ttizta mashinalar qatorlashib turgan paytlar ham bo`lgan. Buni qarangki, ota-onam rahmatli o`sha kelgan odamlarning hammasini dasturxon yozib, mehmon qilishardi. Ularni qiynab qo`yayotganimni ko`rganimdan keyin “Yo`q, men Toshkentda yashamasam bo`lmas ekan...” deganman. Xalqimizda “Mevali daraxtga tosh otiladi”, degan gap bor. Chindan ham mevasi e`zozlab teriladiyam, tosh otib tushiriladiyam. Mashhurlikning ozorlarini chekkan paytlarimiz ham ko`p bo`lgan...

— “Biz nechuk uchrashdik qirqdan oshganda” qo`shig`ingizning tarixini aytib bering. Muxlislar uni o`z hayotingizdan olingan, deb o`ylasharkan...

— San`atkorning  qaysi qo`shig`i ta`sirli chiqqan bo`lsa, tinglovchining yuragiga etib borsa, “Shu qo`shig`i zo`r chiqibdi, xonandaning o`z hayotidan olingan bo`lsa kerak”, deb o`ylashadi. Abduhoshim akamiz bo`lardilar, vafot etib ketganlar. U kishi o`zlari san`atkor bo`lsalar-da, menga muxlis edilar. Bir kuni “G`iyos, necha yoshga kirding?” deb savol berib qoldilar. “Qirqdan oshdim” deya javob qaytardim. “Zo`r she`r bor” dedilar-da, telefon raqamimni yozib oldilar. Men she`rni telefon orqali yozib oldim. “Qaerdan oldingiz?” deb so`rasam, “Bozorda bir bola berdi” dedilar. Men she`rni qo`shiq  qilib, konsertda aytdim, ammo she`r muallifi kimligini bilolmadik. Bir kuni to`yda shoir Mahmud Toir “She`rni yaxshi qo`shiq qilibsiz”, dedilar. Men xijolat bo`lib, she`r muallifi ekanlar-da, deb o`yladim. Keyin Mahmud Toirning kitobini olib, shu she`r ham borligini ko`rdim. Bu shoirga hurmatim baland. Ba`zida “Shoshilib, shoir kutgandek ohangga sololmagandirman”, deb ham xijolat tortaman. Lekin tinglovchilar yaxshi qabul qilishganidan xursandman.

— G`iyos Boytoev hayotda ham xuddi sahnadagidek og`ir-bosiq tabiatlimi yoki bu ko`rinish sahna imidjimi?

— O`zi hayotda tili ham, dili ham bir odamlarni hurmat qilaman. Hayotdayam og`ir-bosiqman. Arzimagan narsaga asabiylashib ketadigan odatim yo`q. Birov bilan tortishib, aytgan gapimni o`tkazaman, deb oyoq tirab turib olishlardan nariman. Hatto birov qilgan yomonlikni ham tezda unutib yuboraman. Kimgadir ozgina qattiq gapirib qo`­yib ham,  bundan afsus chekkan paytlarim ko`p bo`ladi.                                                                                                        “Nega shu odamning ko`ng­lini og`ritdim-a?” deb o`ylab yuraman. Far­­zand tarbiyasi nozik masala, kerak paytda qattiq­qo`l­lik qil­masangiz bo`l­maydi. Kezi kelganda, bolalargayam qattiq gapirib, o`zim qiynalib yuraman.    

Siz qanday tabiatli odamlarga toqat qilolmaysiz?

— Insonlarga ozor berish juda yomon odat. Ba`zi odamlar haqida oldida yaxshi gapirib, nari ketishi bilanoq orqasidan yomon gapirishadi. Shunday kishilarni hurmat qilmayman.

Men haqimda oldimda ham, orqamdan ham faqat yaxshi gapirish­larini istayman. Shunga yarasha o`zim ham birovning ortidan yomon gapirmaslikka harakat qilaman…  

Jurnalistlarning sizga yoqmaydigan savollari?

— Oilam haqidagi savollarini yoqtirmayman. Muxlislarimizga san`atkor haqidagi barcha ma`lumotlar qiziq ekanligini tushunaman. Biz ham hamma qatori odammiz, hamma qatori yashaymiz. Xalqimiz donolik bilan “Jo`jani kuzda sanaymiz”, deb qo`­yibdi. Shunday bo`lgandan keyin men hali hech nimaga erishmagan farzandlarim haqida nima de­yishim mumkin. Hamma ota-onalar qatori yaxshi orzu-niyatlar bilan farzand katta qilyapman. Ammo hozircha gapirishga arziydigan bir ish qilib ulgurganlari yo`q. El koriga yaraydigan, yurtga foydasi tegadigan insonlar bo`lib etishishsin. Ana o`shanda tarbiya­miz mevasini ko`rib, gapirsak arziydi. Muxlislarga bir yangilikni aytib qo`ymoqchiman, nasib etsa 2023 yilda bo`ladigan konsert dasturimga tayyorgarlik ishlarini boshlaganmiz. Yangi albomga yangi qo`shiqlar qatorida ular sevgan qo`shiqlarimizning qayta ishlangan variantini yozib kirityapmiz.

Hayot sizga nimalarni o`rgatdi?

— San`atda yaxshi qo`shiq rek­lamaga muhtoj emasligining isbotini ko`p marotaba ko`rdim. Qalbga yaqin qo`shiqni muxlis kerak bo`lsa o`zi qidirib topib eshitadi. Qolaversa, qalbga yaqin qo`shiqning umri uzoq bo`lishiyam haqiqat. Unga falon millionlab pul sarflashgayam hojat yo`q.

Hayot esa menga samimiylik, kamtarlik xislatlari odamni hurmatga, izzatga loyiq qilishini o`rgatdi. Pulga sotib olingan hurmatning umri qisqa ekanligini angladim.  

  Tuhfa NAZAROVA suhbatlashdi

    Boshqa yangiliklar