O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genomika va bioinformatika markazi olimlari tomonidan tayyorlangan "O`zbekistonda tarqalgan SARS-CoV-2 virusining sekvenlangan genomlari mutasiyalari profilini yaratish" (Profiling of the most reliable mutations from sequenced SARS-CoV-2 genomes scattered in Uzbekistan) nomli maqola PLOS One xalqaro ilmiy jurnalida chop etildi.
Maqolada qayd etilishicha, vaqt o`tishi bilan koronavirus genomidagi mutasiyalarning bir nechta yangi variantlari tezlik bilan paydo bo`layotgani sababli, ma`lum bir mintaqaning SARS-CoV-2 genotiplarini davriy ravishda genom ketma-ketligini aniqlab borishga doimiy ehtiyoj tug`ilmoqda. Bu global pandemiya sharoitida virusga qarshi diagnostika, monitoring va davolash vositalarini o`z vaqtida ishlab chiqish uchun zarurligi aytiladi.
Ushbu maqsad yo`lida Genomika va bioinformatika markazi olimlari pandemiyaning birinchi to`lqini davri, ya`ni 2020 yilning noyabr va dekabr oylarida O`zbekistonning Toshkent viloyatidagi aholisi orasidagi COVID-19 ga PZR-musbat deb topilgan 32 ta bemorning namunalarini olib, SARS-CoV-2 genotiplari orasidan 18 ta yuqori sifatli to`liq genom ketma-ketligi ma`lumotlarini Xalqaro ma`lumotlar bazasiga joylashgan. Namuna genomlaridagi nukleotid ketma-ketliklarning polimorfizmlari, shu jumladan, koronavirus genomining kodlash hududlarida nosinonimik (missense) va sinonimik mutasiyalar aniqlangan.
Shuningdek, o`sha paytdagi koronavirus variantlari genom sekvenslari Afrika va Yaqin Sharq hamda Evropa va Shimoliy Amerika shtammlariga o`xshashligi aniqlangani aytiladi. Demakki, koronavirus O`zbekistonga xalqaro sayohatlar tufayli kirib kelgani tasdiqlanadi. Ya`ni birinchi to`lqin bemorlari Uxan shtammining Afrika, Yaqin Sharq, Evropa, Shimoliy Amerika variantlari bilan kasallangan.
Filogenetik tahlil 14 ta to`liq genom namunalar ketma-ketligini (1, 2, 4, 5, 8, 10-15, 17, 32) G sinfiga (yoki GR pastki sinfiga) va to`rtta butun genom namuna ketma-ketligini S sinfiga (3, 6, 25, 27) guruhladi. Jami, 45 ta umumiy va 83 ta noyob mutasiyadan iborat 128 ta mutasiya aniqlandi. Ulardan to`rttasi upstream mutasiyasini, oltitast down-stream mutasiyasini, 50 tasi sinonimik va 67 tasi missense (ma`nosiz) mutasiyani ifodalaydi.
Mazkur ma`lumotlar O`zbekiston Respublikasidan olingan birinchi koronavirus genom ketma-ketligi ma`lumotlari bo`lib, u global koronavirus ketma-ketligi ma`lumotlar bazasini boyitish, kelgusidagi qiyosiy tadqiqotlarga xizmat qilishi, eng muhimi, ushbu tadqiqotda olingan koronavirus genotiplarining ketma-ketligi ma`lumotlari mahalliy va mintaqaviy darajada COVID-19 kasalligini taqqoslash, diagnostika qilish, monitoring qilish va davolash uchun foydali manba bo`lib xizmat qilishi kutilmoqda.