Bugun, 15 may kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Turkiyaga tashrifi doirasida Anqarada Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashdi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Zelenskiy Turkiyaga yetib kelganidan so‘ng Esenbo‘g‘a aeroportidan to‘g‘ri Prezident saroyiga yo‘l olgan.
Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an Zelenskiyni Prezidentlik soroyi kirish qismida kutib olgan. Ikki davlat rahbari zinapoyada Turkiya va Ukraina bayroqlari fonida suratga tushgan.
Yopiq eshiklar ortida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Turkiya Milliy mudofaa vaziri Yashar Guler, Milliy razvedka tashkiloti rahbari Ibrohim Kalin hamda Prezidentning tashqi siyosat va xavfsizlik bo‘yicha bosh maslahatchisi Akif Chag‘atay Qilich ishtirok etgan.
Prezident Erdo‘g‘an va Zelenskiy o‘rtasidagi ikki tomonlama muzokaralardan so‘ng, delegatsiyalar o‘rtasida ishchi kechki ovqat tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Erdo‘g‘an va Zelenskiy uchrashuvida Rossiya-Ukraina urushi doirasidagi so‘nggi vaziyat har tomonlama muhokama qilinishi kutilmoqda.
Qolaversa, muzokaralar doirasida Prezident Erdo‘g‘an Turkiyaning pozitsiyasini – imkon qadar tezroq o‘t ochishni to‘xtatish va tinchlik muzokaralarini boshlash zarurligini yana bir bor ta’kidlashi kutilmoqda.
Rasmiy xabarlarga ko‘ra, Anqaraga kelgach, aeroportda qilgan chiqishida Ukraina Prezidenti Zelenskiy Istanbulda o‘tkazilishi kutilayotgan Rossiya-Ukraina muzokaralarini baholagan.
“Avvalo, Prezident Erdo‘g‘anga to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazilishiga imkon yaratgani uchun minnatdorlik bildiraman”, degan Zelenskiy.
Shuningdek, u Rossiya delegatsiyasi haqiqiy tinchlikka erishishni xohlamayotganini aytgan.
“Rossiya tomoni vakillik darajasi deyarli ko‘zbo‘yamachilikka o‘xshaydi. Prezident Erdo‘g‘an bilan uchrashuvdan so‘ng keyingi qadamlarimizni belgilaymiz. Rossiya vakillarining vakolat doirasi qanday ekanini tushunib olishimiz zarur, chunki u yerda qarorlarni kim qabul qilishi hammaga ayon”, degan Ukraina rahbari.