AsosiyJamiyat

O`qish sharoitini yaxshilash uchun respublika byudjetidan 200 milliard so`m, mahalliy byudjetlardan ham 200 milliard so`m yo`naltiriladi — Prezident

'O`qish sharoitini yaxshilash uchun  respublika byudjetidan 200 milliard so`m, mahalliy byudjetlardan ham 200 milliard so`m yo`naltiriladi — Prezident'ning rasmi

Prezident Matbuot xizmatining xabar berishicha, maktablarda ma`naviy muhitni tubdan yaxshilash bo`yicha mutlaqo yangi konsepsiya ishlab chiqiladi. Unda:

- eng avvalo, o`quvchilarda yoshligidan o`zining mahallasi va qishlog`i hayotiga befarq bo`lmaslik hamda Vatanga muhabbat;

- oila, ota-ona va ustozlarga hurmat;

- ilm va bilim, harakat va intilish orqali katta marralarni egallash mumkinligini tushuntirish hamda zamonamiz qahramonlarining bosib o`tgan yo`llarini keng targ`ib qilish nazarda tutilishi kerak.  

Maktablardagi ma`naviyatchilarga talablarni qayta ko`rib chiqib, bu lavozimga mahalla va jamoada obro`si bor kadrlar bilan to`ldirish kerakligi, maktablarda ilm va san`at vakillari, ziyoli va nuroniylar, ilg`or tadbirkorlar, klaster va sanoat korxonalari rahbarlari bilan doimiy uchrashuvlarni tashkil qilish muhimligi ta`kidlandi.

Bunga ijtimoiy tarmoqlardagi maktab o`quvchilari orasida obunachisi eng ko`p bo`lgan mashhur san`atkor, sportchi, aktyor, blogerlarni ham faol jalb qilish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.

Bundan tashqari, namunali o`quvchining ota-onasiga minnatdorchilik xati va sovg`alar topshirib borishni tizimli yo`lga qo`yish kerakligi, har chorakda eng namunali ota-onalarni rag`batlantirib, ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish muhimligi aytildi.

Viloyat hokimlariga yuqori koeffisientli 120 ta maktabda o`qish sharoitini yaxshilash bo`yicha aniq chora-tadbirlarni belgilash topshirildi.

Ular 1 avgustga qadar 960 ta maktabni kompyuter sinfi bilan ta`minlash, 740 tasini jihozlash ishlarini yakunlashi kerakligi ko`rsatib o`tildi.

Umuman, 5,5 mingta kompyuter sinflarini yangilash bo`yicha alohida dastur qabul qilinadi.

Bunga respublika byudjetidan 200 milliard so`m, mahalliy byudjetlardan ham 200 milliard so`m yo`naltiriladi.

Mutasaddilarga yangi o`quv yilidan boshlab kichik maktablarda internet tezligini sekundiga 40 Megabit, katta maktablarda esa kamida 100 Megabit bo`lishini ta`minlash, maktablar uchun alohida imtiyozli tariflarni tasdiqlash topshirildi.

    Boshqa yangiliklar