Prezident Shavkat Mirziyoev “Davlat pensiyalari, nafaqalar, kompensasiyalar va boshqa ijtimoiy to`lovlarni to`lash tizimini yanada takomillashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarorni imzoladi .
Qaror bilan Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish vazirligi, Markaziy bank hamda AT “Xalq banki”ning quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflariga rozilik berildi:
a) 2022 yil 1 maydan boshlab:
- “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga va oilalarga tegishli jamg`armalar mablag`lari hisobidan ko`rsatiladigan moddiy yordamlar, mehnat organlari tomonidan to`lanadigan ishsizlik nafaqasi va stipendiyalar hamda jazoni o`tab ozodlikka chiqqan fuqarolarga to`lanadigan moddiy yordam pullari har oyning 5-sanasiga qadar moliyalashtiriladi hamda pensiya va nafaqalar bilan bir vaqtda AT “Xalq banki”ning sayyor kassalari tomonidan mahallalarga etkaziladi;
- AT “Xalq banki”ning sayyor kassalari tomonidan pensiya va nafaqalar hamda moddiy yordam pullarini fuqarolarga naqd pulda etkazib berish xizmatlari uchun 1 foiz miqdorda bankka xizmat haqi to`lab beriladi. Bunda, AT “Xalq banki” zimmasiga sayyor kassalar orqali mahalla fuqarolar yig`inlariga borgan holda pensiya va nafaqa oluvchilarning kartalaridagi mablag`larini ularning xohishlariga ko`ra naqd pulga almashtirib berish vazifasi yuklatiladi;
- barcha turdagi davlat pensiyalarini, byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasi tomonidan to`lanadigan nafaqalar, kompensasiyalar va boshqa to`lovlarni hamda kam ta`minlangan oilalar uchun bolalar nafaqasi va moddiy yordam pulini (keyingi o`rinlarda – pensiya va nafaqalar) bank kartalari orqali oluvchilarga har oylik pensiya va nafaqa pulining 1 foizi miqdorida qo`shimcha to`lov joriy qilinadi. Bunda, fuqarolarning roziligi bilan pensiya va nafaqa pullarini bank kartalariga o`tkazish asosida hujjatlarni qog`oz shaklida yuritishdan voz kechiladi;
b) 2022 yil 1 sentyabrga qadar harbiylashtirilgan tizim pensiyalarini hisoblash va ularning to`lov hisob-kitoblari tizimini tegishli vazirlik va idoralar tomonidan avtomatlashtirish orqali xizmat ko`rsatuvchi tijorat banklarida pensiya varaqalarini yuritish amaliyoti bekor qilinadi.
Shu bilan birga AT “Xalq banki” (Sh.X.Atabaev):
- Markaziy bank (B.E.Zaxidov) bilan birgalikda aholini bankomatlar bilan qamrab olish darajasini oshirish maqsadida 2022 yilning 1 oktyabriga qadar xorijdan 1 800 ta bankomat olib kelgan holda, ularning hududlar, shu jumladan, olis tumanlarda o`rnatilishini ta`minlashi;
- 2022 yil yakuniga qadar pensiya va nafaqa oluvchilarga yanada qulayliklar yaratish maqsadida ularning mablag`larini masofadan boshqarish imkonini beruvchi bankning yangi mobil ilovasini ishlab chiqishi;
- Adliya vazirligi tomonidan aholiga ko`rsatiladigan xizmatlarni bankning mobil ilovasi orqali amalga oshirilishini yo`lga qo`yishi belgilandi.