"Grija" xuruj qilganda nima qilish lozim?

Salomatlik 09.04.2022, 14:47
"Grija" xuruj qilganda nima qilish lozim?

SSV Matbuot xizmati Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Murod Irismetov bilan umurtqalararo disk churrasi haqidagi suhbatini davom ettiradi.

— Kasallik xuruj qilganda qanday yo`l tutish kerak?

—  Churra xuruj qilgan paytda ko`ngil aynishi, qayt qilish, churra joylashgan soha atrofi qo`l bilan paypaslanganida, qorinda to`lg`oqsimon og`riq kuzatilishi mumkin. Bunday paytda bemor og`riq qoldiruvchi dorilar qabul qilishi mutlaqo mumkin emas. Sababi o`zboshimchalik bilan davolanish keyinchalik salbiy oqibatlarga olib keladi.

Eng to`g`ri yo`l esa shifokor ko`rigidan o`tish va tavsiya etilgan davo muolajalarini bajarishdir.

Afsuski, bugungi kunda ko`pchilik bemorlar yaqinlarining gap-so`zlari, tavsiyalariga ishonib, umurtqa pog`onasini bosish, uqalash va shunga o`xshash amaliyotlar orqali davolanishga harakat qiladi. Bu esa shikastlangan umurtqani yanada qiynashi, kasallikning zo`rayishiga sabab bo`lishi mumkin.

— Disk churrasi qanday davolanadi?

— Bugungi kunda kasalikni davolashda lazerli va endoskopik usullardan keng foydalanilmoqda. Biroq churra inson tanasidagi o`simta hisoblangani, shuningdek, vaqtida chora ko`rilmasa, salbiy oqibatlarga olib kelgani bois uni rejali jarrohlik yo`li bilan tuzatish eng to`g`ri yo`l hisoblanadi.

Bunda bemor to`liq tekshiruvlardan o`tkaziladi. Tanadagi barcha a`zolar faoliyati chuqur o`rganilib, bemor shundan so`nggina operasiya qilinadi.

To`g`ri, umurtqa churrasini dori-darmonlarsiz ham davolasa bo`ladi. Jumladan, hozir suv muolajalari tibbiyotda keng qo`llanilmoqda. Biroq bu muolajani shifokor tavsiyasi bilan olish lozim.

Churraning paydo bo`lgan muddati juda katta ahamiyat kasb etadi. Uch oygacha bo`lgani engil, uch oydan olti oygacha bo`lgan churra esa surunkali sanaladi. Bundan tashqari, hajmiga ham e`tibor qaratiladi. Agar u 9 millimetrdan kichik bo`lsa, jarrohlik aralashuvisiz davolash mumkin.

— Disk churrasining oldini olish uchun nima qilish lozim?

— Eng avvalo, sog`lom turmush tarziga rioya qilish kerak. Ayniqsa, yurganda bosh va belni tik tutish, piyoda ko`p yurish, sport bilan shug`ullanish zarur.

Qolaversa, bilamizki, bugungi kunda aksariyat odamlar kompyuter qarshisida o`tirib ishlagani sababli ularda ayni shu kasallik ko`p uchraydi. Shunday ekan ularga tavsiyamiz, kompyuter oldida stul suyanchig`iga suyanib o`tiring. Oyog`ingiz esa erga tegib tursin.

Bundan tashqari, suzish, uqalash muolajalari, ortopedik matrasda uxlash va chekishni tashlash ham kasallikning oldini olishda muhim sanaladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1