Fuqarolarning bank kartasidagi pul mablag`lari ularning ruxsatisiz echib olinganligi aniqlandi. Bu haqda Markaziy bank xabar qilmoqda.
Ma`lum qilinishicha, Markaziy bankning Bank xizmatlari iste`molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmatiga bu borada murojaatlar kelib tushdi.
Ushbu murojaatlar o`rganilganda kafil yoki birgalikda qarz oluvchi hisoblanmagan fuqarolarning bank kartalari qonun hujjatlariga rioya qilinmagan holda ularning roziligisiz tijorat banki tomonidan jismoniy shaxslarga ajratilgan kredit qarzdorligini so`ndirish uchun biriktirilib, mablag`lar echib olish amaliyoti yo`lga qo`yilganligi aniqlandi. qiling
Bunday amaliyotni yo`lga qo`ygan “Davrbank”ka nisbatan belgilangan tartibda jarima sanksiyasi qo`llanildi. Shuningdek, bankka fuqarolarning bank hisobvaraqlaridan (shu jumladan, bank kartalaridan) mablag`larni qonunchilikka zid ravishda ularning roziligisiz hisobdan chiqarish amaliyotiga chek qo`yish hamda fuqarolardan shu mazmunda shikoyatlar kelib tushganda ushbu mablag`larni qaytarib berilishini ta`minlash vazifalari yuklatildi.
Bank xizmatlari iste`molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati tijorat banklarining insofsiz xizmat ko`rsatish amaliyotlariga qarshi turadi hamda kredit qarzdorliklarni uchinchi shaxslar hisobidan so`ndirishda amaldagi qonun hujjatlari talablariga rioya qilishga chaqiradi.
Shu o`rinda barcha tijorat banklariga “Banklar va bank faoliyati to`g`risida”gi Qonunning 57-moddasida bank xizmatlari iste`molchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi uchun bankka nisbatan choralar ko`rilishi belgilanganligini eslatib o`tish joiz.
Hurmatli bank xizmatlari iste`molchilari! Agar tijorat banki tomonidan kartangizdan mablag`lar echilgan holatlarda qonun hujjatlari bilan belgilangan huquqlaringiz buzilgan deb hisoblasangiz, ushbu holat yuzasidan Markaziy bankning Bank xizmatlari iste`molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmatiga yozma ravishda yoki 📞(71) 212-60-15, (71) 212-73-80, (71) 212-60-94 telefon raqamlari orqali murojaat qiling