14 aprel kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bilan telefon orqali muloqoti bo`lib o`tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, suhbat avvalida O`zbekiston etakchisi Vengriya Hukumati rahbarini “FIDES” – Xristian-demokratik xalq partiyasi koalisiyasi ushbu mamlakat parlamentiga saylovda g`alaba qozongani bilan samimiy tabrikladi.
Tomonlar ikki mamlakat o`rtasida diplomatik munosabatlar o`rnatilganining 30 yilligi bilan bir-birini tabrikladilar.
Strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari, Vengriya Bosh vazirining o`tgan yili mart oyidagi O`zbekistonga tashrifi yakunida erishilgan kelishuvlar ijrosining borishi batafsil muhokama qilindi.
Farmasevtika, qishloq xo`jaligi, chorvachilik, oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish tarmoqlarida kooperasiya loyihalarini amalga oshirish, bank-moliya sohasidagi o`zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi. Bo`lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi ko`rib chiqildi.
Suhbat har doimgidek samimiy va do`stona ruhda o`tdi.






