1

Kumush Razzoqova: “Simyog`ochga osilgan e`lon hayotimni o`zgartirib yuborgan...”

Madaniyat 15.04.2022, 18:26
Kumush Razzoqova: “Simyog`ochga osilgan e`lon hayotimni o`zgartirib yuborgan...”

Har bir avlodning o`z qo`shiqlari bo`ladi. Tinglaganda entikasiz, sog`inasiz va betakror xotiralar yodga tushadi. O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Kumush Razzoqovaning taronalari nafaqat katta avlodning, balki yoshlarning ham hamrohiga aylangan. Chunki ularning har birida ko`ngil bor...

— Keling, suhbatni hammamiz sog`inadigan davr — bolalik haqida boshlasak. O`sha paytlardagi suratlaringizga qarab turib ko`nglingizdan qanday o`ylar kechadi?

— Bolaligimdan esdalik bo`lib qolgan  oq-qora rangdagi suratlar o`sha yillarning bir parchasi go`yo. Ularni tomosha qilayotib, qorachagina bo`lganim uchun yaqinlarim “Seni “shara-bara”chi lo`lilardan olganmiz...” deb jig`imga tegishi yodimga tushadi. Tikilibroq qaraganimda, suratdagi turishimdan muloyim, kamtar, kattalarning aytganini bekam-u-ko`st bajaradigan qiz ekanligim shundoqqina ko`rinib turganini his etaman. Bolalikdan  onamning so`zlaridan chiqmaydigan qiz bo`lganman. Gullar, ularga parvona bo`lib uchib yurgan  kapalaklarni soatlab kuzatishdan zerikmasdim. Suratlar yana bizni katta qilishda onamga ko`makdosh bo`lgan  Ma`pirat  va Sobira ammalarim, Vosiq doda deb chaqiradigan amakim bilan bog`liq voqealarni yodimga  soladi. Vosiq dodam birinchi sinfga qadam qo`ygan kunim bog`laridan terib bergan bir quchoq atirgullarning hidini tuyganday bo`laman.

— San`at olamiga ilk qadam qo`ygan kunlaringizni qanday eslaysiz?

— Maktabda algebra, geometriya, kimyo, adabiyot fanlariga qiziqishim katta edi. Maktabni tugatib, kimyo yo`nalishidan ketish niyatida hujjatlarimni institutga topshirishga borganman. Lekin kirish imtihonlarida fizika fani ham borligini ko`rib, fikrimdan qaytdim. “Endi nima qilaman?” degan xayol bilan shahar aylanib yurib, simyog`ochdagi “Qo`shiq aytish istagidagi yoshlarni taklif etamiz. Musiqiy bilimi bo`lishi shart emas” degan kichkinagina e`lonni o`qib qoldim. U paytlarda hamma hind kinolariga “kasal” edi. Qayta-qayta ko`rib, hatto qo`shiqlariniyam o`zimizcha aytib yurardik. E`londagi “Musiqiy bilimi bo`lishi shart emas...” degan joyi turtki bo`lib, omadimni sinab ko`rishga qaror qildim. Hay`yat a`zolariga “Yalla” ansamblining xonandasi Nargiz Boyxonovaning “Sen bo`lmasang yonimda” hamda “Ishqdagi ishq” filmidagi “U prirodi net ploxoy pogodi” taronalarini aytib berganman. Bittada qabul qilishdi va yana uchta qizni tanlab, “Sado” ansambli tuzildi. To`rt qiz birgalikda ijod daryosiga sho`ng`iganmiz.

— Bir umrga yodingizda qolgan maqtov...

— Yaqinlarimning aytishicha, maqtovni qabul qilishni bilmas ekanman.  “Yo`q, oshirib yubordingiz...” “Aslida unday emas” deb  yo`qqa chiqarishga harakat qilaman. Ammo yodimda qolgan bir maqtov borki, uni hali-haligacha hayajon va faxr bilan eslab yuraman. “Vodillik kelin” filmidagi “Unutma meni...” qo`shig`ining o`zbekcha talqinini kuylash uchun chaqirishganida, o`zbekcha matn biroz cho`zilib ketgani tufayli musiqaga tushmayotganini aytishdi. Menga tayyorgarlik uchun o`n besh daqiqa vaqt berishlarini so`rab, bir chekkaga o`tdim. Musiqaga  tushirayotib, o`z-o`zidan keraksiz so`zlarini olib tashladim. Lekin ma`nosiga putur etmadi. Musiqagayam xuddi quyib qo`yganday tushdi. Hamma xursand bo`lib, meni maqtashgan. Keyin musiqaning pardasi balandlik qilib qiynalganman. Qayta-qayta boshidan boshlayverganimizdan ovozim bo`g`ila boshlagan... Oxiri yig`lab yuborganman... Shunda ovoz rejissyori Selyutin “Yig`layaptimi, judayam yaxshi... Bu, qo`shiq uning yuragiga etib borganidan darak, demak, tinglovchining ham qalbiga etib boradi. Zo`r chiqadi” degandi. U yangilishmagan ekan.

— Film haqida so`z ochdingiz, shu o`rinda yana bir savol bersam. Bitta bo`lsa-da, kinoda rol ijro etgansiz. Bugun “Doka ro`molning qurishi” filmini qanday kayfiyatda tomosha qilasiz?

— Filmni yoddan bilsam-da, har safar birinchi marotaba ko`rayotgandek kulib, mazza qilib tomosha qilaman. Menda  balandlikdan qo`rqish fobiyasi bor, suratga olish jarayonida “Osma yo`lga chiqmayman”, deb turib olganlarimni, keyin rejissyorimiz Shavkat Junaydullaev qurilish montajchilari foydalanadigan qalin xavfsizlik kamarini toptirib kelganlarini eslayman. Shuni ko`ylagimning ostidan taqib, zo`rg`a osma yo`lga chiqarishgan. O`rindiqda o`tiribman, qo`rquvim bilinmasligi uchun ko`zimga qora ko`zoynak taqilgan, trubani qaltiroq  qo`llarim bilan qattiq ushlab olgan paytimni eslasam, haligacha etlarim jimirlab ketadi. Kozim aka qo`rquvni engsin, degan maqsadda jon-jahdlari bilan meni kuldirishga harakat qilgandilar. Men bo`lsa kulishning o`rniga “Gapirmang, o`lib qolaman!” deb baqirganman. Joylari jannatda bo`lsin, Shavkat aka tufayli o`zbek kinosi tarixida qoldik. Dublyajda ham o`z ovozimizda gapirishimizga imkon bergandilar.  Shu filmdan keyin ham ijodiy hamkorligimiz davom etdi. U kishi rejissyorlik qilgan deyarli hamma seriallardagi qo`shiqlarni aytganman.

— Va ularning ko`pchiligi xit qo`shiqlar darajasiga ko`tarilgan. Xit qo`shiq qanday yaraladi o`zi?

— Buni hech qachon oldindan bilib bo`lmaydi. Ba`zan xonanda bilan muxlislarning fikrlari bir xil chiqmasligi ham mumkin. Shaxsan menda ko`pincha, unchalik ham e`tibor bermay yozilgan qo`shiqlarim muxlislar tomonidan iliq kutib olingan. Masalan, “Men seni hech kimga bermayman” taronasini musiqiy rahbarim “Shu qo`shiq haqiqiy anshlag bo`ladi”, deganida fikrini rad etgandim. “Yomg`ir yog`di” nomli qo`shiqni yozamiz, deb oyoq tirab turib olganman. Qisqasi, anchagina tortishganmiz. Vaqt o`tib esa, “Men seni hech kimga bermayman” qo`shig`i mashhurroq bo`lganini ko`rdim.

— Nega yangi qo`shiqlaringizni eshitmayapmiz?

— Ijodimda yangi, hali tinglovchilar e`tiboriga havola etilmagan taronalarlar bor. Lekin, qizig`i shundaki, qaerga bormay, eski qo`shiqlarimni so`rashadi. Shunday paytda  O`zbekiston xalq artisti Farrux Zokirovning bir hazilomuz gapi yodimga tushadi. “Agar muxlislar doim eski qo`shig`ingni so`rashsa, yangi qo`shiq yozishning nima keragi bor? Yangi qo`shiqni eski qo`shig`i yo`qlar yozsin!” degandilar. Ammo yangilik doim kerak. Balki yangi qo`shiqlarimning darajasi avvalgilarnikidek bo`lmagani uchun ham ularni taqdim etmayotgandirman. Ijodimdagi tanaffusga yana bir sabab, o`z-o`zimni takrorlashni istamayman! Xalqqa o`zingni eslatish uchun yomon qo`shiq bilan chiqqandan ko`ra, sukut saqlagan afzal, menimcha.

— Lekin yillar kutib turmaydi, umr o`tmoqda. Ortga, o`tgan umrga qarab afsus chekadigan xatolarintiz  bormi?

— Har bir inson hayoti ma`lum bir nuqtaga etganida, orqada qolgan yillarga nazar tashlab, sarhisob qilar ekan. Taqdir, peshonaga yozilgani bo`ladi, deymiz. To`g`ri, buni inkor etib bo`lmaydi. Lekin taqdirni birovning qo`liga topshirib, faqat uning ko`rsatmalari bilan yashash xato ekanligini tushunib etdim. Chunki, hayot seniki, uni sen o`zing hohlagandek, qalbing istagandek yashab o`tishing kerak. Qolaversa, hayot hammamizga atigi bir marotaba  beriladi.  Meni faqat xonanda  o`rnida emas, oddiy ayol deb qabul qilishlari kerakligini unutganimdan, ayollikning eng muqaddas vazifasini o`z vaqtida bir chekkaga surib qo`yganimdan afsusdaman. Vaholanki, ayolning eng birinchi va buyuk vazifasi onalik va oila.

— Qaysi birini unutish oson, yaxshilik qilgan odamnimi, yoki yomonlik qilgan insonnimi?

— Kimdandir yuragimizga nayzadek sanchiladigan yomonlikni ko`rganimizda,  bir umrga  yodimdan chiqarolmasam kerak, deb o`ylaymiz. Ammo vaqt oliy hakam deyishadi-ku, hammasi joy-joyiga tusharkan. Dilxiralik ham unutiladi. Yaxshilik qilgan odamni esa unutib bo`lmaydi. Chunki minnatdorchilik hissi bunga yo`l qo`ymaydi. Vijdoningiz yaxshi kunda, hatto yomon kundayam uni yodingizga solib turadi. Yomonlikni unutib yuborishni  shifokorlar ham maslahat berib, yurakda saqlangan alam, iztirob, nafrat sog`lig`ingizga zarar etkazishini ta`kidlashdan charchashmayapti. Shunday ekan, bir-birlarimizga faqat yaxshiliklar sog`inib yashaylik...

         Tuhfa NAZAROVA suhbatlashdi

         "Darakchi" gazetasi, 2022 yil 14                aprel, 15-son

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1