1

“O`zbekistonga kelganimning katta sababi bor”. Hind Madonnasi, mashhur “Made in India” qo`shig`i ijrochisi Alisha Chinaydan maxsus intervyu (video)

Madaniyat 28.04.2022, 15:45
“O`zbekistonga kelganimning katta sababi bor”. Hind Madonnasi, mashhur “Made in India” qo`shig`i ijrochisi Alisha Chinaydan maxsus intervyu (video)

Barchamizga yaxshi tanish bo`lgan «Zubi zubi», «Made in India», «Tinka-tinka», «Dil», «Kajra-re» kabi o`nlab xit taronalar ijrochisi, Hindiston Madonnasi — Alisha Chinay O`zbekistonga tashrif buyurdi. “Darakchi.uz”  Turizm va madaniy meros vazirligi bilan hamkorlikda yurtimizga ilk marta tashrif buyurgan jahon yulduzi bilan intervyu tashkil qildi. 

Ma`lumot uchun, asli ismi Sudjatda bo`lgan Alisha Chinay 1965 yilda Hindistonning Ahmadobod shahrida musiqachilar oilasida tug`ilgan. Otaci mumtoz qo`shiqlar ijrochisi, onasi  fortepianoda ijod qilgan. Faoliyatini modelerlikdan boshlagan qahramonimiz keyinchalik o`zini teatrda sinab ko`rgan, shundan so`ng filmlarda ko`rinish bera boshlagan. 

Alisha o`zining yulduzli onlariga qadar kechirgan hayoti, qo`shiqchilik karerasining qanday boshlangani, orzulari, xotiralari shuning bilan birgalikda O`zbekiston safari taassurotlarini biz bilan o`rtoqlashdi.

— Assalomu alaykum, Alisha xonim! O`zbekistonga xush kelibsiz. Sizni ko`rib turganimizdan juda mamnunmiz. 

— Assalomu alaykum! Katta rahmat.

— Adashmasam, bu sizning yurtimizga qilgan birinchi tashrifingiz. Keling, dastlab O`zbekiston haqidagi birinchi taassurotingiz va safaringiz rejalari haqida gaplashsak.

— Adashmadingiz, bu mening O`zbekistonga qilgan birinchi safarim. Ushbu mamlakat haqidagi birinchi taassurotim esa juda yoqimli. O`zbekistonliklar madaniyatli, sizdan yordamini ayamaydigan, juda mehribon va mehmondo`st insonlar ekan. Sayohatim rejalariga to`xtalsam, bu erga kelishim bilanoq Toshkent bo`ylab kichkina sayohat qildim. Rosti, juda qiziqarli kechdi. Toshkent zamonaviy va bir paytning o`zida qadimiy shahar ekan. Safarim davomida Samarqand, Buxoro kabi tarixiy maskanlarga ham borishni rejalashtirganman. 

— Siz Hindiston Madonnasi sifatida tanilgansiz va yoshligingizdan boshlab musiqaga mehr qo`ygansiz. Ota-onangiz ham san`atkor bo`lishgan. Ular sizning tanlovingizga qanday qarashgan? San`atkor bo`lish istagingizni qo`llab-quvvatlashganmi?

— Ha, albatta. Ota-onam doimo meni qo`llab quvvatlagan. Otam mumtoz musiqachi bo`lgan. Onam esa pianinochi edi. Bolaligimdan musiqa bag`rida sharqiy va klassik musiqalarni tinglab ulg`aydim. Shuning uchun ham bu sohaga qadam qo`yishimda oilamning o`rni va ta`siri juda katta. 

— Kinodagi karerangiz qanday boshlangan?

— Bu juda ham uzoq tarix. Aslida, o`z kareramni modelerlikdan boshlaganman. Keyin teatrga qatnay boshladim. Ana shu davrda mashhur kinokompozitor Bappi Laxiri  bilan tanishib qolganman. Ular menda ijro qobiliyati borligini his qilganlar. Ko`p o`tmay, birinchi taronam «Tarzan»ni ijro etdim. Hammasi shundan keyin boshladi. Birin-ketin taronalarim xit darajasiga ko`tarildi. «Zubi-zubi», «Tinka-tinka», «Kajra-re», «Mister Indiya» va boshqalar shular jumlasidandir.

— Keling, eng mashhur qo`shiqlaringizdan biri bo`lgan “Made in India” haqida gaplashsak. Bu qo`shiq butun dunyo bo`ylab mashhur va hatto unga ishlangan klip ham juda ommalashib ketgan. Ushbu taronangiz qanday yaratilgan?

— “Made in India” — aslida bu mening afsonaviy albomim. U butun Hindiston musiqa tarixida tub burilish yasagan. “Made in India” qo`shig`idan so`ng Hindistonda musiqiy revolyusiya yuz berdi desam adashmayman. Ungacha faqat Bollivud va saundtreklar bor edi. Bu qo`shiq Hindistonga pop yo`nalishini olib kirdi va chin ma`noda trendga chiqdi. Umuman olganda “Made in India” taronasi hindistonliklar uchun g`urur timsoliga aylangan afsona.Menga haqiqiy yulduzlik onlarimni aynan mana shu qo`shiq taqdim qilgan. 

— Qo`shiqlaringiz filmlarda bir qancha mashhur aktrisalar tomonidan ijro etilgan. Masalan, Aishvariya Ray, Shridevi, Madxuri Dikshit, Priyanka Chopra va boshqalar. Ekranda ularning ijrosini ko`rib ko`nglingiz to`lganmi?

— Ha, albatta. Har birining ijrosi o`ziga xos bo`lgan. Ba`zan saundtrekni qaysi aktrisa ijro qilishidan bexabar holda kuylardim. Lekin, «Kajra-re»ni Aishvariya ijro etishini bilgandim. Shuning uchun iloji boricha yoqimli va farishtaniki misol sof ovozda ijro qilishga harakat qilganman. Chunki Aishvariyani juda ham yaxshi ko`rardim.

— Yana kino karerangizga qaytsak. Nima uchun hind filmlari uchun soundtreklar kuylamay qo`ydingiz?

— Men aslida kino va qo`shiqchilikni parallel olib borishni istagandim. Shuning uchun o`zimning solo albomimni yaratishga kirishdim. Chunki soloda ijrochining shaxsi ham taniladi, saundtreklarda esa faqat aktrisalar namoyish etiladi. Bollivudda men o`z musiqamni yarata olmadim. Boisi, u erda ijodim ustidan nazorat juda kuchli edi. O`z taronamni yaratsam istaganimni izhor eta olishimni tushunganman. Boshqacha aytganda, solo bu mening shaxsiy hikoyam, shaxsiy asarim bo`la olishini angladim. 

— Bir necha yillardan buyon yangi taronalar chiqarmayapsiz. Buning sababi nimada?

— Ochig`ini aytsam, men ijodimda kichik tanaffus qilmoqchi edim. Lekin u uzoqqa cho`zilib ketdi. Ayni damda shu tanaffusimni yakunlash maqsadida ikki yangi taronam ustida ishlayapman. Hozirgi paytda qanday ijodiy jarayonlar bilan bandsiz?Hozirda yangi musiqiy albom loyihasi ustida ishlayapman. Men noodatiy tarzda, yangicha uslubda ijod qilmoqchiman. Shu maqsadda Markaziy Osiyoda bir qancha rejalarni amalga oshirmoqchimiz. Dunyoda Las-Vegas, Praga kabi juda mashhur lokasiyalar bor, ammo mening e`tiborimni Markaziy Osiyo o`ziga tortdi. Aytib o`tishim lozim, ushbu loyihalarimni Tojikistonlik prodyuserim bilan amalga oshiryapmiz. 

— Vaqtni orqaga qaytarish imkoni bo`lsa, qaysi yoshingizga qaytishni istardingiz va nima uchun?

— Balki, “Made in India” e`lon qilingan vaqtlarga qaytgan bo`lardim. Chunki, muvaffaqiyatimdan yanada ko`proq rohatlanishni istardim. Hayotingizda omad birdaniga, kutilmaganda keladi va siz undan to`laqonli rohatlana olmaysiz, unga to`ya olmaysiz. Men ana shu paytda ish, gastrollar va konsertlar bilan band bo`lganman. Shuning uchun, o`sha yillarga qaytishni, o`sha hislarimni qaytadan tuyishni va yangidan huzur qilishni istardim. 

— Eshitishimcha, O`zbekistonda yangi qo`shig`ingiz uchun videoklip olinyapti. Agar imkoni bo`lsa, qo`shiq va klip syujeti haqida ma`lumot bersangiz.

— Men o`zimning yangi musiqiy taronalarim kliplarini Markaziy Osiyoda suratga olishga qaror qildim va tasvirga olish jarayonlarini O`zbekistondan boshladim. Men bu erdagi bir qancha manzillarni juda yaxshi ko`raman. Ayniqsa, Samarqand va Buxoroni. Men anchadan beri bu shaharlarga kelishni orzu qilardim. Nihoyat bu amalga oshyapti. Bevosita qo`shiq haqida to`xtaladigan bo`lsam, u “Made in India”ning davomi, ya`ni ikkinchi qismi. Bu qo`shiq turli millat vakillari o`rtasida muhabbatni tarannum etadi. 

— Shu nuqtada suhbatimizning birinchi qismiga yakun yasaymiz va blis savollarga navbat beramiz. Demak, birinchi savol. Qaror qabul qilishda yuragingizga quloq tutasizmi, yoki aqlingizgami?

— Ochig`ini aytsam, doim aqlimga tayanishga harakat qilaman, lekin baribir qalb amri ustun keladi. Bu esa ko`p hollarda menga katta qiyinchiliklar tug`diradi.

— Hindistonda har bir sayyoh borib ko`rishi kerak bo`lgan joy, bu sizningcha qaer?

— Hamma Hindistonga Toj Mahalni ko`rish uchun boradi. Lekin, Rajastan, Jaypur, Udaypur ham sayohatdan maroq olish imkonini bera oladigan ajoyib maskanlar. 

— O`zbek milliy taomlaridan tatib ko`rdingizmi? Ular haqidagi fikringiz? 

— Men kabob, manti, palov va qozon kaboblardan tatib ko`rdim. Ularning barchasi aqlga sig`maydigan darajada mazali.

— O`zbekistondan qanday xotiralar va esdaliklarni olib ketmoqchisiz?

— Aslida, suratga olayotgan musiqiy videoklipim men uchun buyuk xotira bo`ladi. Bundan tashqari o`zbek milliy liboslari, sopol idishlar, milliy taqinchoqlar, shuningdek somsa va palov olib ketmoqchiman. Menga somsa va palov juda ham yoqdi. 

— Eng sevimli hind filmingiz? 

— Men hamisha Raj Kapurning eski filmlarini ko`rishni yoqtiraman. Shuningdek, «Mughal-e-A`zam» va «Hum dil de chuke sanam» filmlari juda yoqadi.

— Eng yaxshi ko`rgan aktyoringiz?

— James Bond va Daniel Kreyg. 

— Xobbilaringiz?

— Kuylashdan tashqari, taom tayyorlashni yoqtiraman. Bog`dorchilik va uy ishlarini qilish esa umuman yoqmaydi. 

— Eng katta orzuyingiz qaysi? 

— Eng katta orzuyim... ichki xotirjamlikka erishish mening eng katta orzuyim. Oddiy va sodda hayot kechirishni orzu qilaman. 

— Umringizdagi eng esda qolarli va unutilmas xotirangiz qaysi?

— “Made in India” — eng buyuk, eng unutilmas xotiram shu. Umrimdagi eng katta voqea ham shu. Ushbu albom menga Xalqaro Billboard va Freddi Merkuri mukofotini olib kelgan. Bu albomim bilan hamisha faxrlanaman. 

— O`zingiz ijro etgan taronalaringiz orasidan eng yaxshisi qaysi deb hisoblaysiz? Intervyumiz uchun bir parcha xirgoyi qilib bera olasizmi? 

— Eng yaxshi taronam deb ko`p bor ta`kidlaganim “Made in India”ni ayta olaman. Shuningdek, «Kajra-re», «Tinka-tinka» kabi taronalarim ham o`zimga juda yoqadi. (“Made in India” taronasidan parcha ijro etib berdi.)

— Javoblaringiz, biz uchun ajratgan vaqtingiz va e`tiboringiz uchun katta rahmat! Biz uni chin dildan qadrlaymiz. Ishonamizki, bu suhbat o`quvchilarimiz uchun ham juda qiziqarli bo`ladi. Sizdan yangi-yangi xit taronalarni kutib qolamiz. Yana bir bor katta rahmat! 

— Sizga ham katta rahmat!

Risolat MAXSIMOVA suhbatlashdi

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1