Usmon Qur`oni haqida hujjatli filmi suratga olindi

Madaniyat 29.04.2022, 13:36
Usmon Qur`oni haqida hujjatli filmi suratga olindi

O`zbekiston Kinematografiya agentligi, Bi-Bi-Si o`zbek xizmati, O`zbekiston madaniy merosini asrash, o`rganish va targ`ib qilish bo`yicha butunjaxon jamiyati, O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi (O`zEOAVMA) va Sevimli telekanali hamkorligida suratga olingan “Usmon Qur`onining qaytishi” hujjatli filmida Toshkentdagi qadim Usmon mushafining hayratlarga boy tarixi so`zlanadi.

– Har bir musulmon uchun ulug` bo`lgan Ramazon oyida bunday loyihaning yaratilishi ramziy ma`no kasb etadi. Bu filmni O`zbekiston miqyosida qanchalik ko`p odam ko`rsa, shunchalik ko`p xursand bo`lamiz, Bu albatta, siz bilan navbatdagi katta loyihalarga qo`l urishimizga asosiy omil bo`ladi, - dedi Bi-bi-si o`zbek xizmati Bosh muharriri Xayrullo Fayz.

2019 yil Agentlik Bosh direktori Firdavs Abduxoliqovning Londondagi Bi-bi-si o`zbek xizmatiga tashrifi davomida Usmon Qur`oni haqida film yaratish taklifi berilgan edi. Ammo pandemiya sabab suratga olish ishlari ma`lum vaqt to`xtab qolgan loyiha nihoyasiga etib, tez kunda tomoshabinlar e`tiboriga havola qilinishi belgilangan.

– 2017 yil sentyabrda Nyu-Yorkda bo`lib o`tgan  BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan «Ma`rifat va diniy bag`rikenglik» maxsus rezolyusiyasi ilgari surilgan edi. Unda bag`rikenglik va o`zaro hurmatni o`rnatish, diniy erkinlikni ta`minlash eng muhim masalalardan biri sifatida e`tirof qilingan. “Usmon Qur`onining qaytishi” filmida ham Davlatimiz rahbari ta`kidlaganidek, diniy bag`rikenglik tamoyillarini qaror toptirishga alohida urg`u berilgan. Film nafaqat yurtdoshlarimiz, balki butun musulmon ahlini xursand qiladigan kinofilm bo`ladi, desam adashmayman. “Usmon Qur`onining qaytishi” filmini Ramazon Hayiti arafasida yurtimiz telekanallarida namoyish etish rejalashtirilgan. Unda nafaqat filmning maxsus taqdimoti, balki film bo`yicha ko`rsatuvlar, ijodiy suhbatlar tashkil etiladi. Ayniqsa filmning muborak Ramazon oyida premera qilinishi xalqimiz uchun bayram tuhfasi bo`lishiga ishonaman, - dedi Kinematografiya agentligi “Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi” DUK direktori Furqat Usmonov.

G`oya muallifi va loyiha rahbari Firdavs Abduxoliqov, ssenariy muallifi va boshlovchisi Luiza Iskandariy, sahnalashtiruvchi rejissyor Mehrubon Alizoda, sahnalashtiruvchi operator Azizbek Normatov, rassom Alisher Umrzoqov. Tasvirga olish ishlari Toshkent, Buxoro, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlari hamda Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida olib borilgan. 

Filmda ushbu nodir muqaddas qo`lyozmaning XIX asr oxirida Rossiyaga yuborilishi, Sankt-Peterburgdagi Imperator kutubxonasida saqlanishi va keyinchalik Ufa muftiyatiga topshirilishi bilan voqealar o`rganilgan. Arxiv hujjatlari asosida Usmon Qur`onining 1923 yilda O`zbekistonga qaytarilishi haqida hikoya qilingan. Filmda Usmon Qur`onining 1989 yilda O`rta Osiyo va Qozog`iston musulmonlari idorasiga topshirilishiga guvoh bo`lgan insonlarning hikoyalaridan ham foydalanilgan.

Ma`lumot uchun, YuNESKOning “Dunyo xotirasi” ro`yxatiga kiritilgan Qur`on kitobini ko`rgani Toshkentga har yili dunyoning ko`plab davlatlaridan yuz minglab musulmonlar va sayyohlar kelishadi. Usmon Qur`oni bu Qur`oni Karimning saqlanib qolgan eng qadimgi nusxasi hisoblanadi.

Jahon ekspertlarining fikricha, O`zbekiston o`ziga xos noyob mamlakat bo`lib, unda ikkita noyob Usmon Qur`oni saqlanmoqda. Birinchi Qur`on haqida ikki yil avval Bi-Bi-Si bilan hamkorlikda suratga olingan “Katta Langar qur`oni: sirlar va haqiqatlar” filmida hikoya qilingan.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1