Tailandda chim ustida xokkey bo`yicha Xanchjou-2022 Osiyo o`yinlari uchun saralash musobaqa bo`lib o`tmoqda. Unda ishtirok etayotgan O`zbekiston erkaklar terma jamoasi ilk bor Osiyo o`yinlariga yo`llanma oldi. Bu haqda Milliy Olimpiya qo`mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko`ra, O`zbekiston terma jamoasi Ummon, Tailand, Gonkong va Qozog`iston vakillari bilan bir guruhdan joy olishdi. Bellashuvlarda 1 g`alaba, 2 durang va 1 mag`lubiyat qayd etgan vakillarimiz uchinchi o`rin bilan Osiyo o`yinlariga yo`llanma beruvchi pog`ona uchun kurashni davom ettirdi. Ushbu bosqichda terma jamoamizga singapurlik xokkeychilar raqiblik qilishdi. Penaltilar seriyasigacha davom etgan bahsda omad hamyurtlarimiz tomonda bo`ldi va jamoamiz tarixiy g`alabaga erishdi.
Ushbu muvaffaqiyat bir qator mutaxassislar e`tirofiga sazovor bo`ldi. Jumladan, Osiyo xokkey federasiyasining Ijrochi direktori Tayyab Ikram O`zbekiston chim ustida xokkey federasiyasini qo`lga kiritilgan g`alaba bilan qutlab, rasmiy tabrik yo`lladi.
Reglamentga ko`ra, Osiyo o`yinlarida qit`amizning eng kuchli 12 jamoasigina ishtirok eta oladi. Avvalgi musobaqada (Indoneziyada) kuchli beshlikka kirgan termalar (Hindiston, Yaponiya, Malayziya, Pokiston va Janubiy Koreya) hamda mezbon Xitoy to`g`ridan to`g`ri asosiy startga yo`llanma olgan bo`lsa, yana olti jamoa nomi ushbu turnirda ma`lum bo`ldi.
Guruh bosqichi:
1-tur: O`zbekiston – Gonkong 4:2
2-tur: O`zbekiston – Tailand 1:1
3-tur: O`zbekiston – Qozog`iston 3:3
4-tur: O`zbekiston – O`mon 3:6
Osiyo o`yinlari yo`llanmasi uchun pley-off:
O`zbekiston – Singapur 2:2 (pen. bo`yicha 4:2)
Tailanddagi musobaqa orqali Xanchjou-2022 Osiyo o`yinlariga yo`l olgan jamoalar: Bangladesh, Indoneziya, O`mon, Shri-Lanka, Tailand va O`zbekiston.






