Bugun O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqaev bilan telefon orqali muloqoti bo`lib o`tdi.
Davlatimiz rahbari Qozog`iston Prezidentini muhim siyosiy tadbir – mamlakat Konstitusiyasiga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish bo`yicha umummilliy referendum muvaffaqiyatli o`tkazilgani bilan samimiy qutladi.
O`zbekiston va Qozog`iston o`rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko`rib chiqildi, mintaqaviy kun tartibi yuzasidan fikr almashildi.
Oliy darajada erishilgan, eng avvalo, ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, transport-kommunikasiyaviy, fan-ta`lim va madaniy-gumanitar hamkorlik loyihalarini ilgari surish bo`yicha kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e`tibor qaratildi.
Bundan tashqari, mintaqaviy hamkorlik, xalqaro tashkilotlar doirasidagi yaqin va samarali muloqotni davom ettirish istiqbollari muhokama qilindi.
O`zbekiston va Qozog`iston Prezidentlarining telefon orqali muloqoti har doimgidek do`stona va amaliy ruhda o`tdi.






