O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliev Xiva shahriga tashrif buyurdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Kecha bo`lib o`tgan muzokaralar yakunida davlatimiz rahbari o`zbek va ozarbayjon xalqlari munosabatlarining shonli tarixi bugungi ko`p qirrali hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratganini ta`kidlagan edi.
Haqiqatan ham, qardosh xalqlarimiz azaldan bordi-keldi qilib, bir-birining madaniyatini boyitgan. 2500 yildan ziyod tarixga ega Xiva bunda muhim o`rin tutgan.
Shu jihatdan, O`zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlarining bu qadimiy shaharga tashrifi katta ma`noga ega.
Ichan qal`a nodir shahar-yodgorlik sifatida diqqatga sazavor. Bu erda 120 dan ziyod me`moriy obidalar bor. Shu bois Xiva shahri 1990 yil 12 dekabrda YuNESKO Madaniy meros ro`yxatiga kiritilgan.
Davlat rahbarlari Ota darvozadan kirib, Ko`k minora, Ko`hna ark saroyi, Sherg`ozixon madrasasi, Juma masjidi, Tosh hovlini tomosha qildi, Allomalar muzeyi bilan tanishdi.




Xorazmcha qo`shiq va raqslar ijrosi mehmonlarga ko`tarinki kayfiyat baxsh etdi.
Prezidentlar Ichan qal`a yaqinidagi Nurillaboy saroyini ham borib ko`rdi.
Bu majmuani 1884 yilda Xiva xoni Muhammad Rahimxon Feruz qurdirgan. Keyinchalik qo`shimcha binolar ham barpo etilib, beshta hovlidan tashkil topgan. Saroyda ham sharqona, ham evropacha uslubdagi arxitektura ajoyib tarzda uyg`unlashgan. Yana bir e`tiborli jihati, XX asr boshlarida ko`pgina siyosiy jarayonlar aynan shu saroyda kechgan.
Xivaning davlatchilik va ilm-fan rivojida tutgan o`rni, qadimiy obidalari va san`ati ozarbayjonlik mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.







