1

Shavkat Mirziyoev global rivojlanish masalalari bo`yicha yuqori darajali muloqotda qatnashadi

Siyosat 24.06.2022, 09:54
Shavkat Mirziyoev global rivojlanish masalalari bo`yicha yuqori darajali muloqotda qatnashadi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan bugun, 24 iyun kuni, “BRIKS plyus” formatidagi Global rivojlanish masalalari bo`yicha yuqori darajali muloqotda ishtirok etadi.

Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma`lum qilinishicha, Xitoy tomonining raisligida onlayn shaklda o`tkaziladigan tadbirda BRIKS guruhi mamlakatlari – Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy, Janubiy Afrika Respublikasining davlat va hukumat rahbarlari, shuningdek, Argentina, Indoneziya, Jazoir, Malayziya, Misr, Eron, Qozog`iston rahbarlari ham ishtirok etadi. Jami 18 ta mamlakat delegasiyalari qatnashishi kutilmoqda.

Forum kun tartibidan 2030 yilga qadar Barqaror rivojlanish kun tartibini amalga oshirish borasidagi global sheriklikni mustahkamlash masalalari o`rin olgani aytiladi. Eng avvalo, “yashil” iqtisodiyot, yuqori texnologiyalar, innovasiyalar, raqamlashtirish, transport va logistika, gumanitar almashinuv sohalarida amaliy hamkorlikni kengaytirishga alohida e`tibor qaratiladi.

O`zbekiston Prezidenti o`z nutqida Barqaror rivojlanish maqsadlariga birgalikda erishishda keng xalqaro hamkorlikning ustuvor yo`nalishlarini ko`rsatib o`tadi.

"Ta`kidlash joizki, yangi “BRIKS plyus” formati BRIKS guruhiga a`zo davlatlarning boshqa etakchi rivojlanayotgan mamlakatlar bilan o`zaro manfaatli va ko`p qirrali hamkorligini yo`lga qo`yish maqsadida tashkil etilgan.

Forum o`zaro savdo va investisiyalarni ilgari surish, ilg`or texnologiyalar va bilimlarni transfer qilish, kooperasiya aloqalarini va transport-kommunikasiya bog`liqligini rivojlantirish, xavfsizlik sohasida konstruktiv muloqotni mustahkamlashda katta o`rin tutadi.

BRIKS mamlakatlarida 3 milliarddan ziyod aholi istiqomat qiladi, ularning hissasiga jahon yalpi ichki mahsulotining 25 foizga yaqini, global savdoning qariyb 20 foizi va to`g`ridan-to`g`ri investisiyalarning 25 foizi to`g`ri keladi",-deyiladi xabarda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1