1

Noma`lum kasallikka chalinib, vafot etgani aytilgan g`uzorlik bemor bolalar va ularning yaqin qarindoshlariga aniq tashхis qo`yildi

Jamiyat 25.06.2022, 16:04
Noma`lum kasallikka chalinib, vafot etgani aytilgan g`uzorlik bemor bolalar va ularning yaqin qarindoshlariga aniq tashхis qo`yildi

G`uzor tumanida noma`lum kasallikka chalinib, vafot etgani aytilgan ikki nafar bola va ularning yaqinlari holatini o`rganish bo`yicha Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan yuborilgan malakali mutaxassislardan iborat tibbiy guruh ish olib bormoqda. Ularning dastlabki xulosalari bo`yicha vazirlik Matbuot xizmati quyidagilarnt ma`lum qildi:

"2019 yilda tug`ilgan A.N. (o`g`il bola) 2022 yil 20 iyun kuni soat 9:40 larda G`uzor tuman tibbiyot birlashmasi bolalar reanimasiyasi bo`limiga o`limoldi holatida olib kelingan. Bolaga “Yuqori nafas yo`llari yallig`lanishi. Gipertermik va talvasa sindromi. Asorati: toksik ensefalopatiya. Bosh miya shishi. O`tkir yurak va nafas etishmovchiligi. DVS sindromi. Karaxtlik 2-darajasi” tashxisi qo`yilgan. Ko`rsatilgan reanimasion muolajalarga qaramasdan, shifoxonaga olib kelinganidan 1 soatu 10 daqiqa o`tib, bolada biologik o`lim qayd etilgan.

Shu yilning 22 iyun kuni soat 23:05 larda G`uzor tuman tibbiyot birlashmasiga 2016 yilda tug`ilgan A.G. (qiz bola) ham o`ta og`ir ahvolda yotqizilgan. U 20 iyun kuni vafot etgan A.N.ning yaqin qarindoshi bo`lgan. Bu bemorga “Yuqori nafas yo`llari yallig`lanishi. Virusli intensial sindrom. Toksiko infeksion shok. DVS sindromi. Gemolitik uremik sindrom. O`tkir buyrak etishmovchiligi. Anuriya bosqichi. Toksik ensefalopatiya. Miya shishi. O`tkir yurak va nafas etishmovchiligi” tashxisi qo`yilgan. Bemorni davolash uchun bolalar reanimatologi, bolalar nevropatologi, gematolog, nefrolog, toksikolog va infeksionist mutaxassislar jalb qilingan. Biroq ko`rilgan davo choralariga qaramasdan, bemor 2022 yil 24 iyun soat 04:00 lar atrofida vafot etgan.

Vafot etgan A.N. va A.G. bir darvozadan kiriladigan ikki hovlida yashagan. Bolalar birga o`ynagan, ba`zan birga ovqatlangan. Ular bilan kontaktda bo`lgan 9 kishi profilaktika maqsadida izolyasiyaga olinib, ehtiyot chorasi sifatida o`ta xavfli infeksion kasalliklarga laborator tahlillar o`tkazilgan.

Natijada, ayni paytda 2018 yilda tug`ilgan A.A.da gemorragik isitma gumon qilinmoqda. Shu bois uning qon tahlillarini yakuniy tekshirish va xulosa berish uchun Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriyasiga yuborilgan. Bu jarayon esa ma`lum vaqt talab qiladi" deyiladi xabarda.

Ma`lumot uchun:

Gemorragik isitma, asosan, mayda kemiruvchilardan, hasharot(kana)lardan odamga turli yo`llar bilan yuqadi.

Xabarda keltirilishicha, ehtiyot chorasi sifatida zarur epidemiologik tadbirlar boshlangan. Bemorlar yashagan xonadonda profilaktik dezinfeksiyalash ishlari o`tkazilgan. Uydagi ichimlik saqlanadigan hovuzdan laborator tekshiruv uchun namuna olingan.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1