1

O`zbekiston — Turkmaniston: asrlar sinovidan o`tgan do`stlik

Siyosat 12.07.2022, 22:36
O`zbekiston — Turkmaniston: asrlar sinovidan o`tgan do`stlik

O`zbekiston umumtarixiy ildizlar, yagona din, til, madaniyat, an`ana va urf-odatlar o`xshashligiga asoslangan munosabat ila bog`langan Turkmaniston bilan hamkorlikni kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratadi.

Asrlar mobaynida tinch, o`zaro kelishib, bir-birini qo`llab-quvvatlab yashab kelayotgan ikki qardosh xalq o`rtasidagi munosabat keyingi yillarda yanada mustahkamlandi. Bugun ishonch bilan aytish mumkinki, davlatlarimiz o`rtasidagi keng qirrali sheriklik teran, ko`p asrlik qalin do`stlik, o`zaro hurmat va yaxshi qo`shnilik tamoyili asosida muvaffaqiyatli rivojlanmoqda.

O`zbekiston — Turkmaniston hamkorligi o`sish sur`atini tasavvur qilish uchun atigi bir necha ma`lumotni keltirish kifoya. Masalan, 2016 yildan buyon davlat rahbarlarining o`zaro 13 tashrifi amalga oshirildi. Faqat 2022 yilning o`zida O`zbekiston va Turkmaniston etakchilari 6 marta telefon orqali suhbatlashdi. Ayni payt bir jihatni alohida ta`kidlash juda muhim: bu bog`lanishlar shunchaki rasmiyatchilik yuzasidan, protokol xususiyatiga ega emas. Barcha tashrif, uchrashuv va so`zlashuvlar doim aniq, amaliy mazmun bilan boyitilgan, kun tartibidagi ikki va ko`p tomonlama eng dolzarb masalalar muhokama etilgan.

Bugungi kunda izchil, o`zaro manfaatli xususiyat kasb etgan, yuqori o`sish sur`atini olgan ikki qardosh mamlakat munosabatining joriy holatiga O`zbekiston Prezidentining Turkmanistonga 2017 yil mart oyiida amalga oshirgan ilk xorijiy tashrifi puxta poydevor qo`ygan edi.

Ochiq, o`zaro ishonch singdirilgan muloqot o`rnatilishi, shuningdek, ikki mamlakat Prezidentlari o`rtasidagi mustahkam do`stlik barcha yo`nalishlardagi munosabatni yanada kengaytirish uchun asos yaratdi.

Oliy darajadagi muloqotlarning eng muhim natijalaridan biri tomonlarning siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikasiya va madaniy-gumanitar sohalardagi ko`p qirrali hamkorlik bo`yicha mavjud ulkan salohiyatini bosqichma-bosqich yuzaga chiqarish imkonini yaratgan Strategik sheriklik to`g`risidagi shartnoma bo`ldi. Ikki tomonlama sheriklikni kelgusida yanada chuqurlashtirish va rivojlantirish, tabiiyki, mintaqada tinchlik, barqarorlik va umumiy farovonlikni ta`minlashga xizmat qiladi.

Toshkent — Ashxobod tashqi siyosat maydonida ham bir-birini qo`llab-quvvatlab, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, jumladan, BMT, MDH, Orolni qutqarish xalqaro jamg`armasi (OQXJ), IHT va boshqa qator tuzilmalar doirasida birgalikda izchil ish olib borib, faol muloqotni davom ettirmoqda.

Tomonlarning O`zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan yo`lga qo`yilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari maslahat uchrashuvi doirasidagi hamkorligi alohida o`rin tutadi. Darvoqe, ushbu formatdagi so`nggi sammit 2021 yil avgustda Turkmanboshi shahrida bo`lib o`tgan edi. Muhimi, aynan o`sha tadbirda Turkmaniston rahbari tashabbusi bilan Markaziy Osiyo etakchi ayollari muloqotining ilk yig`ilishi, Iqtisodiy forum, mahsulotlar ko`rgazmasi, milliy taomlar festivali va mintaqa davlatlari san`at ustalarining birgalikdagi konserti o`tkazilgan.

Mamlakatlarimiz munosabatida savdo-iqtisodiy hamkorlik hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. O`zbekiston va Turkmaniston Prezidentlarining oqilona siyosati, sa`y-harakatlari tufayli sheriklikning mazkur yo`nalishiga avvallari misli ko`rilmagan sur`at bag`ishlandi.

Ikki davlat etakchilari tomonidan savdo hajmini oshirib borish bo`yicha belgilangan aniq vazifalar ijrosi o`z samarasini bermoqda. 2016 yil o`zaro savdo-sotiq ko`rsatkichi 200 million dollardan sal ziyodroq edi. 2021 yil yakunida esa bu raqam 902 million dollarni tashkil etdi. Qayd etish joiz, mahsulot ayirboshlash avvallari hech qachon bunday darajaga ko`tarilmagan.

Turkmaniston mamlakatimizning mintaqadagi asosiy savdo sheriklaridan biri hisoblanadi. O`zbekistondan Turkmanistonga qishloq xo`jaligi texnikasi, meva-sabzavot, mineral o`g`itlar, qurilish materiallari, kimyo va to`qimachilik mahsulotlari, turli xizmatlar eksport qilinadi. Turkmanistondan esa yurtimizga neft mahsulotlari, mexanika jihozlari, polimerlar va boshqa kimyo mollari importi yo`lga qo`yilgan.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishda birgalikdagi sanoat kooperasiyasi loyihalari, shuningdek, davlatlarimiz hududida turli xo`jalik sohalari bo`yicha faoliyat olib borayotgan qo`shma korxonalarning salmoqli ulushi bor. Masalan, oxirgi yillarda O`zbekistonda Turkmaniston ishtirokidagi korxonalar soni 15 karra oshib, 11 tadan 160 taga etdi. Turkmaniston hududida esa “O`zavtosanoat” AJ, “O`zagrotexsanoatxolding” AJ singari O`zbekistonga tegishli 61 kompaniya ish olib bormoqda. Chegara oldi hududlarida savdo-sotiq, shuningdek, mintaqalar o`rtasida to`g`ridan-to`g`ri aloqalar jadal rivojlanmoqda, mintaqalararo forumlar muntazam o`tkazilmoqda. Jumladan, 2018 yil avgustda Xorazm va Buxoro viloyatlari hokimlari boshchiligidagi delegasiyalar Dashoguz va Lebapda bo`ldi, 2021 yil sentyabrda esa Dashoguz va Lebap viloyatlari vakillarining Xorazm va Buxoroga tashrifi uyushtirildi. Shu hafta O`zbekiston — Turkmaniston birinchi mintaqalararo forumi o`tkazilishi rejalashtirilgan.

Ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishga O`zbekiston va Turkmaniston Savdo-sanoat palatalari munosib hissa qo`shmoqda. Ushbu tuzilmalar hamkorlikda muntazam ravishda ikki mamlakat Ishbilarmonlar kengashi yig`ilishlarini tashkil etib, kichik va o`rta biznes vakillarini birgalikda loyihalarni amalga oshirishga, jumladan, biznes-forumlar, kooperasiya birjalari, ko`rgazma va yarmarkalar o`tkazishga jalb etmoqda.

Ikki tomonlama munosabatda transport sohasi ham ustuvor ahamiyatga ega. Turkmaniston yil sayin Markaziy Osiyoning asosiy tranzit davlatiga aylanmoqda. O`zbekistonning juda katta hajmdagi mahsulotlarini Eron chegarasi va keyin Fors ko`rfazi portlariga etkazish mazkur mamlakat hududi orqali amalga oshiriladi. Bundan tashqari tomonlar “O`zbekiston — Turkmaniston — Kaspiy dengizi — Janubiy Kavkaz” transport yo`nalishi salohiyatidan bor imkoniyat darajasida foydalanish bo`yicha birgalikda ishlayapti. Bu yo`lak Gruziya, Turkiya, Ruminiya va boshqa davlatlarning Qora dengizdagi portlariga chiqishini ta`minlaydi. Ikki mamlakat avtomobil va temir yo`llari orqali yuk tashish miqdori bosqichma-bosqich oshirilyapti. Jumladan, 2021 yil O`zbekiston va Turkmaniston o`rtasida temir yo`l transporti orqali 1,7 million, avtomobilda esa 0,3 million, jami ikki million tonna xalqaro yuk tashilgan. Bu 2020 yil bilan solishtirilganda 18 foiz ko`p. Shu bilan birga, raqobatbardoshlikni va davlatlarimiz hududidan o`tadigan xalqaro transport yo`nalishlari jozibadorligini yanada oshirish maqsadida hozirgi paytda tariflarni optimallashtirish va tashqi savdo yuklarini tashish tranziti uchun qulay shart-sharoit yaratish bo`yicha tizimli ishlar olib borilyapti.

O`zbekiston va Turkmaniston yonilg`i-energetika sohasida mintaqaviy hamkorlikni tobora mustahkamlamoqda. Har ikki davlat “Turkmaniston — O`zbekiston — Tojikiston — Afg`oniston — Pokiston” elektr ta`minoti tarmog`i, “Turkmaniston — O`zbekiston — Qozog`iston — Xitoy” gaz o`tkazgichi kabi mintaqaviy muvozanatni va barqaror rivojlanishni ta`minlashning hal qiluvchi omillari sifatida ko`rilayotgan yirik mintaqaviy energetika loyihalari bo`yicha sheriklar hisoblanadi.

Madaniy-gumanitar sheriklik ham jadal rivojlanmoqda. Bugun ikki qadrdon yurt san`ati, adabiyotiga o`zaro qiziqish beqiyos. Har ikki mamlakat fan, ta`lim va madaniyat arboblari yaqin hamkorlik qilib, O`zbekiston va Turkmaniston hududida tashkil etilayotgan barcha tadbirlarda faol ishtirok etmoqda.

O`zbeklar va turkmanlar mislsiz boy madaniy va ilmiy merosni, an`analarni asrab-avaylab kelayotgan ellar sanaladi. Buyuk adib va mutafakkirlar Alisher Navoiy va Mahtumquli ijodi xalqlarimizning umumiy qadriyatidir. Ikki xalqning mustahkam do`stligi, hamjihatligi va madaniy yaqinligi ramzi sifatida Toshkent shahrida betakror turkman shoiri, faylasufi va mumtoz adabiyot namoyandasi Mahtumquli nomidagi farovon ko`cha boshida uning timsoli tushirilgan barelef qad ko`tardi, “Ashxobod” bog`i ochildi, O`zbek–Turkman do`stlik uyi muassasasi va Xorazm viloyatida “Ulli hovli” majmuasi ishga tushirildi. O`z navbatida Turkmaniston poytaxtida Mahtumquli ko`chasi bilan kesishadigan Alisher Navoiy ko`chasi ochildi, Ashxobod shahrida “Toshkent” bog`i barpo etilyapti.

O`zbekistonda yashayotgan turkmanlar o`z milliy madaniyati, an`ana va urf-odatlarini rivojlantirishi uchun barcha sharoit muhayyo qilingan. Bu jarayonda ikki xalq o`rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashga beqiyos hissa qo`shadigan xalq diplomatiyasiga muhim o`rin ajratilgan. Respublikamiz hududlarida turkman xalqining madaniyati va an`analarini asrab-avaylash, targ`ib etish maqsadida turkman millatiga mansub aholi zich yashaydigan mo``jaz hududlarda sherik tashkilotlar bilan birgalikda madaniy-ma`rifiy tadbirlar uyushtirilmoqda. Jumladan, turkman yoshlarini har tomonlama qo`llab-quvvatlashga qaratilgan turli loyihalar amalga oshirilmoqda. Turkman tili o`qitiladigan maktablarda esa muntazam ravishda adabiy kechalar, uchrashuvlar va ikki qardosh xalq madaniyatiga oid ochiq darslar tashkil etilmoqda.

Diyorimizda faoliyati Respublika turkman madaniy markazi tomonidan muvofiqlashtiriladigan 6 ta turkman madaniy markazi mavjud.

Qoraqalpoq davlat universitetida turkman filologiyasi fakulteti bor. 2017 yili Nukus shahridagi Ajiniyoz nomli pedagogika institutida turkman tilini o`qitadigan pedagoglar tayyorlash fakulteti ochildi. Bugungi kunda Urganch, Qoraqalpoq, Buxoro va Qarshi davlat universitetlarida, Buxoro davlat tibbiyot institutida, Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filialida Turkmanistondan kelgan talabalar tahsil olyapti.

So`nggi yillarda ikki mamlakat san`at ustalari ishtirokida konsertlar uyushtirish, O`zbekiston va Turkmaniston tomonidan tashkil etilgan xalqaro ijodiy festivallar, sport tadbirlarida birgalikda qatnashish yaxshi an`anaga aylandi. Masalan, 2021 yil oktyabrida “Ipak yo`li marvaridi” XIII Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida Turkman kinosi kunlari muvaffaqiyatli o`tkazildi.

Mamlakatimizda Gurbanguli Berdimuhamedovning “Turkmanlarning ma`naviy dunyosi” kitobi o`zbek tilida nashr etilishi O`zbekiston va Turkmaniston o`rtasida juda yaqin do`stona aloqa, davlatlararo samarali muloqot o`rnatilganini yana bir bor yaqqol namoyon qildi.

O`zbekiston va Turkmaniston munosabati rivojlanishi bilan bog`liq yuqori sur`at mamlakatlarimizning konstruktiv siyosiy muloqotini yanada mustahkamlash, o`zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, madaniy-gumanitar aloqalarni chuqurlashtirishga bo`lgan qat`iy intilishini tasdiqlaydi.

O`zbekiston — Turkmaniston hamkorligi xususiyati va tomonlarning strategik sheriklikni mustahkamlashga sodiqligidan kelib chiqib, yaqin va o`rta muddatli istiqbolda quyidagi yo`nalishlar ustuvorlik kasb etishi mumkinligini qayd etish joiz:

Birinchidan, mahsulot ayirboshlashni o`stirish va sanoat kooperasiyasini rivojlantirish. Shubhasiz, har ikki davlat o`zaro savdo hajmini oshirish va diversifikasiya qilishdan juda manfaatdor. Zero, mamlakatlarimiz bu borada foydalanilmagan ulkan imkoniyatga ega. Bu jarayonga tashrif arafasida imzolangan salmoqli savdo shartnomalari, kelishuvlar to`plami ijrosini to`laqonli ta`minlash, sanoat kooperasiyasi loyihalarini amalga oshirish orqali erishish mumkin.

Agrosanoat majmuasi, avtomobilsozlik va engil sanoat, transport va aloqa korxonalari o`rtasida ishlab chiqarish kooperasiyasini kengaytirish, shuningdek, ikki davlat kompaniyalarini O`zbekiston va Turkmaniston hududlarida yirik infratizim loyihalarini amalga oshirishga jalb etishga iqtisodiy hamkorlikning yana bir muhim drayveri sifatida qaralyapti.

O`tgan yili imzolangan O`zbek–Turkman chegara oldi zonasi – Savdo markazini tashkil etish to`g`risidagi bitimni imkon darajasida tezroq hayotga tatbiq etish ham o`zaro savdo hajmini oshirish, sanoat kooperasiyasini rivojlantirish va qo`shma loyihalarni amalga oshirish imkonini beradi.

Ikkinchidan, mintaqada transport-logistika yo`nalishlarini diversifikasiya qilish. Har ikki mamlakat O`zbekiston va Turkmanistonning tranzit salohiyatini ro`yobga chiqarish, shuningdek, mamlakatlararo va hududlararo savdo ko`lamini kengaytirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo`lgan transport sohasidagi uzviy hamkorlikni chuqurlashtirishdan birdek manfaatdor. Ikki mamlakat kommunikasiya tizimlarini integrasiyalash O`zbekiston va Turkmaniston hududi orqali har ikki tomonga yuk tashuvlarini amalga oshirish barobarida Yaqin va O`rta Sharq bozorlariga qisqa yo`l orqali chiqishni ham ta`minlaydi.

Tariflarni yanada optimallashtirish va tashqi savdo yuklarini tashish tranziti uchun qulay shart-sharoit yaratishga qaratilgan tizimli, o`zaro manfaatli hamkorlik ham raqobatbardoshlikni va ikki mamlakat hududidan o`tadigan xalqaro transport yo`nalishlari jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, tomonlar Shimol-Janub submintaqaviy transport yo`lagini uzaytiradigan Ashxobod kelishuvini to`laqonli amalga oshirish bo`yicha birgalikda ish olib borishdan manfaatdor. Bu yo`nalishlarni diversifikasiya qilish va tranzit tashuvlar miqdorini bir necha karra oshirish imkonini beradi.

Uchinchidan, suv-ekologiya sohasidagi sheriklik butun Markaziy Osiyo maydonida farovonlik va barqaror rivojlanishni ta`minlashning eng muhim shartlaridan biridir. Zamonaviy sharoitda O`zbekiston va Turkmanistonning suv xo`jaligi sohasidagi, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi masalalaridagi yaqin hamkorligi, aytish mumkinki, haqli ravishda mintaqada eng samarador va namunali xususiyat kasb etgan.

2021 yilda qabul qilingan ikki davlat Prezidentlarining Qo`shma bayonotida ushbu sohada ochiq muloqotni davom ettirish, o`zaro bir-birini tushunishni mustahkamlash va konstruktiv hamkorlikni rivojlantirish, bu borada adolatli va omilkor echimlar topish muhimligi alohida ta`kidlangan.

Shu bilan birga qayd etish zarur, mamlakatlarimiz suv xo`jaligi bilan bog`liq masalalarni hal etish bo`yicha ijobiy tajribaga ega. Bu jarayonda o`tgan yili Hukumatlararo suv xo`jaligi komissiyasini tuzish to`g`risida qo`shma bitim imzolanishi muhim o`rin tutadi.

Hozirgacha mazkur komissiya ikki marta yig`ilish o`tkazdi, tomonlar konstruktiv tarzda ayni yo`nalishdagi barcha dolzarb masalalarni muhokama qilishdi.

Shu o`rinda O`zbekiston va Turkmanistonning butun Markaziy Osiyo uchun yagona va juda zarur bo`lgan, mintaqa suv manbalaridan oqilona foydalanish masalalari bilan shug`ullanishi ko`zda tutilgan besh tomonlama maydonni qayta tuzish borasidagi qarashi va yondashuvi bir ekanini ko`rib chiqish muhim.

2021 yil avgustda Turkmanboshi shahrida bo`lib o`tgan OQXJ sammiti yakunlari bo`yicha qabul qilingan qo`shma kommyunikeda Prezidentlar yangi tahdidlarga o`z vaqtida javob bera oladigan, Orolbo`yi va Orol dengizi havzasini ekologik sog`lomlashtirishga qaratilgan mintaqaviy loyihalar va dasturlarni amalga oshirish, shuningdek, transchegaraviy suv oqimlaridagi suvdan, suv xo`jaligi, energetika resurslaridan kompleks foydalanish va ushbu suv manbalarini asrash va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sohalarida o`zaro manfaatli hamkorlikni to`laqonli ta`minlay oladigan samarali va barqaror institusional mexanizm yaratish maqsadida OQXJ tashkiliy tuzilmasi va shartnomaviy-huquqiy bazasini yanada takomillashtirishga tayyor ekanliklarini izhor etishdi.

To`rtinchidan, madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni faollashtirish do`stlik va yaxshi qo`shnichilikni mustahkamlash omilidir. Ushbu yo`nalishda tashkilotlar, madaniyat va san`at arboblari, tadqiqot markazlari, oliy o`quv yurtlari va ommaviy axborot vositalari o`rtasidagi aloqalar muhim ahamiyat kasb etadi.

Davlatlarimiz o`rtasidagi ko`p asrlik do`stlik, qardoshlik, hamkorlik rishtalarini asrash va yanada mustahkamlashdek tarixiy mas`uliyatni his etgan holda, har ikki tomon ona tillarimizni, madaniyat, an`ana va urf-odatlarimizni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratish, mumtoz adabiyot namoyondalari va zamonaviy mualliflar asarlarining o`zaro tarjimasini amalga oshirishni qo`llab-quvvatlashdan manfaatdor.

O`zbekiston va Turkmaniston madaniyati, kino kunlarini muntazam o`tkazish, shuningdek, ilmiy muassasalar, badiiy, teatr jamoalari o`rtasida faol aloqa o`rnatish madaniy almashinuvni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

Shuni mamnuniyat bilan qayd etish lozimki, tomonlar ikki mamlakat yoshlarini qo`llab-quvvatlash, jumladan, ularni ma`naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalash, o`g`il-qizlarning huquqini himoya qilish, qobiliyatini, jamiyat manfaati yo`lidagi intilishini rag`batlantirishga yo`naltirilgan qo`shma tadbirlar uyushtirishga har tomonlama ko`maklashishga tayyor.

Beshinchidan, Afg`onistonda tinchlik va barqarorlik o`rnatilishiga, ushbu mamlakatni farovon yurtga aylantirishga afg`on xalqining o`z davlatini siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo`yicha tanlagan yo`lini hurmat qilgan holda ko`maklashish.

Bu jarayonda tomonlar mazkur mamlakat bilan savdo-iqtisodiy, transport-logistika va energetika aloqalarini saqlab qolish, infratizim loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, Afg`oniston xalqiga BMTning markaziy muvofiqlashtiruvchi roli doirasida har tomonlama xalqaro gumanitar ko`mak berish zarurligi borasida umumiy tushunchaga ega.

Davlatlarimiz tomonidan Afg`onistondagi ahvolni me`yoriga keltirish uchun ham siyosiy-diplomatik sa`y-harakatlar olib borilyapti, iqtisodiy choralar ko`rilyapti. Jumladan, umummintaqaviy ahamiyatga molik transport loyihalari amalga oshirilyapti va ushbu davlat aholisi elektr energiyasi bilan ta`minlanyapti.

“Hayraton — Mozori-Sharif” temir yo`li, “Akina — Andxoy” temir yo`l shoxobchasi, shuningdek, “Surxon — Puli-Xumri”, “Kerki — Imomnazar — Andxoy”, “Serxetobod — Hirot”, “Rabotkashan — Qalaynov” va “Kerki — Shibirg`on” elektr uzatish tarmoqlari loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani bu boradagi sa`y-harakatlarning yaqqol amaliy natijasidir. Mazkur o`ta muhim loyihalar Afg`onistonda tinchlik va barqarorlikni ta`minlashga xizmat qilmoqda.

Umuman, O`zbekiston — Turkmaniston munosabati xususiyatlari mintaqaviy savdoni rivojlantirish, tranzit-transport va energetika sohasidagi salohiyatni yuzaga chiqarish, shuningdek, mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni ta`minlash kabi yo`nalishlarda manfaatlar yaqinlashuvi o`sib borishida namoyon bo`lmoqda. Mamlakatlar hamkorlikning, deyarli, barcha yo`nalishlariga dahldor ikki tomonlama munosabatni rivojlantirishga juda ko`p e`tibor qaratyapti va katta kuch sarflayapti.

O`z xalqlari manfaati yo`lida har ikki davlat ko`p qirrali sheriklik va mahsuldor hamkorlikning bor imkoniyatidan foydalanish, mavjud salohiyatni to`liq yuzaga chiqarishni ko`zlamoqda.

Bir-birini qo`llab-quvvatlash, tashabbuslarni birgalikda ilgari surishni izchil muvofiqlashtirish, shuningdek, O`zbekiston va Turkmaniston etakchilarining amaliy, o`zaro manfaatli hamkorlikni ikki tomonlama va mintaqaviy darajada mustahkamlash, mintaqada tinchlikni saqlash, xavfsizlikni ta`minlashga bo`lgan qat`iy intilishi, shubhasiz, butun Markaziy Osiyoni barqaror rivojlantirish omili hisoblanadi.

Anvar NOSIROV,

Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1