AsosiyJamiyat

Toshkentda mashina salonidan tanasini chiqarib, "romantika" qilib ketayotgan yigit-qizga nisbatan sud hukmi o`qildi...

'Toshkentda mashina salonidan tanasini chiqarib, "romantika" qilib ketayotgan yigit-qizga nisbatan sud hukmi o`qildi...'ning rasmi

Toshkent shahar sudi matbuot xizmatining xabar berishicha, joriy yilning 12 iyul sanasida jinoyat ishlari bo`yicha Yakkasaroy tuman sudida, ochiq sud majlisida, jinoyat ishlari bo`yicha Yakkasaroy tuman sudi raisi Alisher Jalilov raisligida ikki nafar huquqbuzarga nisbatan ma`muriy ish ko`rib chiqildi.

Huquqbuzar yigit va qiz 2022 yil 9 iyul kuni soat 21:30 larda Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Nukus ko`chasida bo`la turib, mast holda jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, “Lasseti” rusumli avtomashinasi lyuk qismidan tana va bosh qismlarini chiqarib olishadi. Jamoat tartibi va fuqarolarning osoyishtaligini buzishgan hamda IIB xodimlari tomonidan Yakkasaroy tumani Kichik Beshyog`och va Nukus chorrahasida avtomashina to`xtatilib, ularni shaxslarini aniqlash maqsadida IIB binosiga taklif qilishganida, yigit IIB binosiga borishdan bosh tortib, IIB xodimlarining qonuniy talablarini bajarmagan.

Sudning qaroriga ko`ra, huquqbuzar yigit Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismida nazarda tutilgan ma`muriy huquqbuzarliklarni sodir qilgan deb topildi. Unga 15 sutka ma`muriy qamoq jazosi va bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdorida, ya`ni 300 000 so`m ma`muriy jarima jazosi tayinlandi.

Huquqbuzar qiz esa Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik)da nazarda tutilgan ma`muriy huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topildi. Unga 15 sutka ma`muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Qarordan norozi tomon shu sud orqali Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati apellyasiya instansiyasiga yigirma sutka ichida shikoyat berishi yoki protest keltirishi mumkin, deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar