AsosiySiyosat

Afg`oniston hududi bundan buyon O`zbekiston uchun xavf tug`dirmaydi — Amirxon Muttaki

'Afg`oniston hududi bundan buyon O`zbekiston uchun xavf tug`dirmaydi — Amirxon Muttaki'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov “Afg`oniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” mavzusidagi Xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun O`zbekistonga tashrif buyurgan Afg`oniston tashqi ishlar vaziri v.b. Amirxon Muttaki bilan uchrashdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Ma`lum qilinishicha, uchrashuvda Afg`oniston delegasiyasi Prezident Shavkat Mirziyoevning Afg`oniston bo`yicha Xalqaro konferensiya o`tkazish tashabbusi o`z vaqtida va zarur ekanligi, bo`lajak tadbir jahon hamjamiyatiga Afg`onistondagi vaziyat bo`yicha batafsil ma`lumot olish imkonini berishini ta`kidladi.

Afg`oniston mamlakatning eng yaqin va ishonchli sherigi bo`lgan va shunday bo`lib qolajak O`zbekiston bilan hamkorlikni davom ettirish va kengaytirish tarafdori ekanligi alohida ta`kidlandi.

A.Muttaki Afg`oniston hududi bundan buyon O`zbekiston va mintaqaning boshqa davlatlari uchun xavf tug`dirmasligini bildirdi.

Afg`oniston delegasiyasi rahbari O`zbekiston tomoniga Afg`onistonga Termiz shahridagi ko`p funksiyali transport-logistika xabi, shuningdek, energetika va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish orqali ko`rsatilayotgan insonparvarlik yordami uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

V.Norov afg`on tomonini xalqaro hamjamiyatning asosiy talablarini tez fursatlarda bajarish, jumladan, keng vakillikka asoslangan hukumat tuzish, ayollar va milliy ozchiliklar huquqlariga rioya etish, qizlarning to`laqonli maktab ta`limi bilan ta`minlash bo`yicha samarali choralar ko`rishga chaqirdi.

 

Boshqa yangiliklar