1

O`zbekiston Prezidenti Turkiya bilan ko`p qirrali hamkorlik salohiyatini samarali ishga solish muhimligini ta`kidladi

Siyosat 02.08.2022, 16:44
O`zbekiston Prezidenti Turkiya bilan ko`p qirrali hamkorlik salohiyatini samarali ishga solish muhimligini ta`kidladi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2 avgust kuni “O`zbekiston – Ozarbayjon – Turkiya” formatidagi birinchi vazirlar uchrashuvida ishtirok etish uchun Toshkent shahrida bo`lib turgan Turkiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho`g`li boshchiligidagi delegasiyani qabul qildi.

Turkiya delegasiyasi tarkibida uchrashuvda savdo vaziri Mehmet Mush hamda transport va infratuzilma vaziri Odil Qoraismoilo`g`li qatnashdi.

Ikki mamlakat o`rtasidagi ko`p qirrali hamkorlikni oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida yanada kengaytirish masalalari ko`rib chiqildi.

Uchrashuv avvalida vazir Mavlud Chavusho`g`li davlatimiz rahbariga Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog`anning salomi va eng ezgu tilaklarini etkazdi. Turkiya tomoni Yangi O`zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va siyosiy yangilanishlar dasturini, shuningdek, mamlakatimizning, eng avvalo, mintaqada do`stlik, yaxshi qo`shnichilik va ishonch munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan tashqi siyosatini har tomonlama qo`llab-quvvatlayotgani alohida ta`kidlandi.

Tomonlar O`zbekiston bilan Turkiya o`rtasidagi keng ko`lamli strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanib, amaliy hamkorlik mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

O`zaro savdo va investisiyalar ko`rsatkichlari jadal sur`at bilan o`sib bormoqda, faol gumanitar almashinuvlar davom etmoqda.

Ulkan hamkorlik salohiyatidan, shu jumladan hududlararo aloqalarni faollashtirish orqali samarali foydalanishga qaratilgan O`zbekiston va Turkiya etakchilarining kelishuv va qarorlarini amalga oshirishga alohida e`tibor berildi.

Savdo, investisiyalar, innovasiyalar, energetika, sanoat, qishloq xo`jaligi, transport va logistika, turizm va sog`liqni saqlash sohalarida qo`shma kooperasiya loyihalari va dasturlarini tezlashtirish muhimligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari yuqori martabali mehmonlarni O`zbekiston, Ozarbayjon va Turkiya tashqi ishlar, savdo va transport vazirlarining birinchi uchrashuvi muvaffaqiyatli o`tkazilgani bilan tabrikladi.

Mintaqaviy kun tartibi, shu jumladan Afg`onistonda tinchlik va barqarorlik ta`minlanishiga ko`maklashish hamda joriy yilning kuzida Samarqand shahrida o`tkaziladigan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitiga tayyorgarlik ko`rish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1