1

Davlat qarzi summasining yalpi ichki mahsulotga nisbatan eng yuqori miqdori 60 foizdan oshmasligi belgilanmoqda

Siyosat 04.08.2022, 11:14
Davlat qarzi summasining yalpi ichki mahsulotga nisbatan eng yuqori miqdori 60 foizdan oshmasligi belgilanmoqda

Bugun, 4 avgust kuni, Toshkent shahrida Senatning majlislar zalida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma to`qqizinchi yalpi majlisi o`z ishini boshladi. Bu haqda Senat axborot xizmati xabar bermoqda. 

Yalpi majlisda dastlab “Davlat qarzi to`g`risida”gi Qonun ko`rib chiqildi.

Ma`lum qilinishicha, Qonun bilan davlat qarzi va unga xizmat ko`rsatish xarajatlarining ustuvorligi, davlat qarzining cheklangan hajmlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining davlat qarzini boshqarishdagi vakolatlarni belgilash ko`zda tutilgan.

Shuningdek, qonunni ishlab chiqishda davlat qarzini boshqarishda parlament va jamoatchilik nazoratini o`rnatish bo`yicha samarali yaxlit tizimni yaratishga e`tibor qaratilgan.

Qonun bilan davlat qarzi summasining yalpi ichki mahsulotga nisbatan eng yuqori miqdori 60 foizdan oshmasligi, davlat qarzi hisobidan faqat ijtimoiy va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish mumkinligi belgilanmoqda.

Moliya vazirligi davlat qarzini boshqarish bo`yicha vakolatli organ etib belgilanmoqda.

Davlat qarzi va davlatning shartli majburiyatlari bo`yicha xatarlarni boshqarish, davlat qarzini boshqarishning asosiy prinsiplari, maqsadlari va strategiyasi hamda davlat qarzi bo`yicha majburiyatlarni o`z vaqtida va to`liq bajarilishi, davlat qarzini barqaror darajada saqlashga qaratilgan normalar aniq belgilab berilmoqda.

Davlat qarzi to`g`risidagi ma`lumotlar va shu bilan bog`liq jarayonlar haqida fuqarolarimizni to`liq xabardor qilish tartibi ham Qonunda o`z ifodasini topgan.

Shu maqsadda, Moliya vazirligi tomonidan davlat qarzining holati va o`zgarishi to`g`risidagi axborotlar yilning har choragida o`z rasmiy veb-saytiga joylashtirilishi belgilangan.

Davlat qarzi to`g`risidagi axborotning ochiqligi va va shaffofligini ta`minlashga qaratilgan Qonun senatorlar tomonidan ma`qullandi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1