O`qishga kiritib qo`yish va o`qishni ko`chirib berishni va`da qilgan firibgarlar ushlandi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament.
Ma`lum qilinishicha, Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro Z.I. fuqaro G`.ning ishonchiga kirib, uni tanishlari orqali O`zbekiston davlat san`at va madaniyat institutiga o`qishga kiritib qo`yishi evaziga 7 500 AQSh dollarini olgan vaqtida ushlanib, uning ko`rsatuviga asosan davom etgan tadbirda, ushbu institut katta o`qituvchisi B.M. fuqaro Z.I.dan 6 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, Departamentning Farg`ona viloyat boshqarmasi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro Z.O`. fuqaro I.ning qo`shni Qirg`iziston Respublikasi universitetidagi o`qishini Farg`ona davlat universitetiga ko`chirib berishni 1 500 AQSh dollariga kelishib, shundan 1 000 AQSh dollarini qo`lga kiritib, qolgan 500 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






