Hurmatli quruvchi bunyodkorlar!
Muhtaram faxriylar!
Avvalo, siz, azizlarni mamlakatimizda keng nishonlanayotgan qutlug` kasb bayramingiz – Qurilish sohasi xodimlari kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etib, barchangizga yuksak hurmat-ehtirom va samimiy tilaklarimni bildiraman.
Ma`lumki, mamlakatimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini ta`minlashda mazkur soha xodimlari – mohir quruvchi va me`morlar, mexanik va murakkab texnikalarni boshqarayotgan insonlar, loyihachi va dizaynerlar, qurilish sanoati vakillari va pudratchilarning mehnati hamisha muhim o`rin tutib keladi.
Ayniqsa, hayotimizning barcha soha va tarmoqlarida katta qurilish va obodonlashtirish ishlari jadal olib borilayotgan, mamlakatimiz ulkan qurilish maydoniga aylangan hozirgi kunda sizlarning mas`uliyatli va sharafli mehnatingiz ko`lami hamda ahamiyati tobora ortib bormoqda, desak, ayni haqiqatni aytgan bo`lamiz.
Sizlarning timsolingizda shahar va qishloqlarimizda, butun yurtimizda yangi-yangi ishlab chiqarish korxonalari, muhim ijtimoiy ob`ektlar, zamonaviy uy-joylar, yo`l va ko`priklar barpo etib, hayotimizni yanada go`zal va obod qilishga beqiyos hissa qo`shib kelayotgan oliyjanob kasb egalarini ko`ramiz.
Ushbu quvonchli ayyomda sizlarni Yangi O`zbekiston bunyodkorlari sifatida e`zozlab, sha`ningizga eng yuksak ta`rif va tilaklarimizni izhor etamiz, fidokorona mehnatingiz uchun chin dildan tashakkurlar aytamiz.
Qadrli do`stlar!
Bugungi kunda Yangi O`zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida barcha islohotlarimiz markaziga inson qadri, uning hayotiy manfaatlarini ta`minlash bosh maqsad qilib qo`yilayotgani sizlarga yaxshi ma`lum, albatta.
Ana shunday ulug`vor vazifani amalga oshirishda boshqa sohalar qatori qurilish sohasi, uning ulkan imkoniyatlari hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Sohada olib borilayotgan tizimli islohotlar natijasida aholi punktlarini qurishga kompleks yondashuv, uy-joy, turli bino va inshootlar bilan birga ijtimoiy infratuzilma ob`ektlari, savdo va xizmat ko`rsatish shoxobchalari, ta`lim, tibbiyot va madaniyat muassasalari, istirohat bog`lari va xiyobonlar, favvoralar, bolalar maydonchalari va sport maskanlari bunyod etishga alohida e`tibor qaratilmoqda.
Buning amaliy tasdig`i sifatida 2022 yilgi Investisiya dasturi bo`yicha 1 ming 868 ta ijtimoiy ob`ektda keng ko`lamli qurilish, rekonstruksiya va kapital ta`mirlash ishlari olib borilayotganini ta`kidlash o`rinlidir.
Bu haqda so`z yuritganda, loyihalari joylardagi aholimiz bilan bamaslahat ishlab chiqilgan “Yangi O`zbekiston” massivlari haqida alohida to`xtalish lozim, deb o`ylayman. Ushbu nomdagi jami 29 ta massivda 21 ming 312 xonadonga mo`ljallangan 619 ta zamonaviy uy-joy, shuningdek, o`nlab yangi maktabgacha ta`lim tashkilotlari hamda umumta`lim maktablari, tibbiyot muassasalari barpo etilayotganini misol qilib keltirish mumkin.
Bu borada ko`p qavatli uylar hamda muhandislik-transport kommunikasiyalari, ijtimoiy soha, ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko`rsatish ob`ektlari kompleks tarzda qurilayotgani, kelgusi besh yilda 250 mingdan ziyod oila zamonaviy qulayliklarga ega bo`lgan uy-joylar bilan ta`minlanishi albatta barchamizni xursand qiladi.
Ayniqsa, aholini arzon va sifatli turar-joy bilan ta`minlash dasturlari doirasida namunali ko`p qavatli uylar atrofida madaniyat va san`at markazlari, sport inshootlari, tibbiyot muassasalari va boshqa maskanlar barpo etilayotgani, “Obod qishloq” dasturi bo`yicha 413 ta mahallaning bosh rejasi ishlab chiqilayotgani inson haqidagi e`tibor va g`amxo`rlikning amaliy namunasidir.
Hozirgi vaqtda mamlakatimizda qurilish materiallari sanoati ham jadal rivojlanib bormoqda. Masalan, uy-joylar uchun qurilish materiallarining 95 foizi o`zimizda ishlab chiqarilmoqda. Bu esa yangi turar joylarning sifatli va mustahkam, tannarxi arzon bo`lishini ta`minlaydi, yangi ish o`rinlari yaratishga xizmat qiladi.
Muhtaram yurtdoshlar!
Bugun zamonning o`zi qurilish sohasida ham yanada muhim va dolzarb vazifalarni oldimizga qo`ymoqda. Xususan, aholini toza ichimlik suvi bilan ta`minlash, qishloqlarni tuman markazlari bilan bog`laydigan zamonaviy yo`llar qurish, namunaviy loyihalar asosida yangi bog`cha va maktablar, oilaviy poliklinikalar barpo etish, bozor infratuzilmasi ob`ektlari va servis shoxobchalarini ko`paytirish, aholi va pudrattashkilotlari, tadbirkorlik sub`ektlarini qurilish materiallari bilan markazlashgan holda ta`minlash bo`yicha samarali tizim yaratish, qurilish bozorini yangi innovasion xizmatlar bilan to`ldirib borish, soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash borasida hali ko`p ish qilishimiz kerak.
Ishonchim komil, o`z ishining chinakam ustasi bo`lgan mohir quruvchilar va mutaxassislar, sohada mehnat qilayotgan barcha insonlar o`zlarining bor kuch-g`ayrati, bilim va tajribasini ana shunday ulkan vazifalarni muvaffaqiyatli ado etishga safarbar etib, bundan buyon ham el-yurtimizga sidqidildan xizmat qiladilar.
O`z navbatida davlatimiz sizlarning yanada samarali faoliyat ko`rsatishingiz, mamlakatimiz qurilish sohasi salohiyatini oshirish uchun kelgusida ham zarur sharoit va imkoniyatlarni yaratib beradi.
Siz, azizlarni kasb bayramingiz bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt va xonadonlaringizga qut-baraka tilayman.
Qo`lingiz hech qachon dard ko`rmasin, mehnatingizning rohatini ko`ring, aziz bunyodkorlar!
Shavkat Mirziyoev,
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti