Joriy yilning 17 avgust kuni Qoraqalpog`iston Respublikasida yuz bergan holatlar va voqealarni o`rganish bo`yicha komissiya a`zolari ma`muriy jazo muddatini o`tab chiqqan fuqarolar va ularning oila a`zolari bilan uchrashdi. Bu haqda Ombudsman Axborot xizmati xabar qilmoqda.
Uchrashuvda fuqarolarning Ma`muriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo`ljallangan maxsus qabulxonada va surishtiruv jarayonida ularga nisbatan ruhiy va jismoniy qiynoqlar, kamsitish va boshqa inson huquqlarini buzuvchi holatlar bo`yicha fikrlari o`rganildi.
Shuningdek, ma`muriy jazo muddatini o`tib chiqqan fuqarolarga nisbatan jamoatchilikning munosabati qanday ekanligi masalasi ham muhokama qilindi.
O`rganish jarayonida yanada ob`ektivlikka erishish maqsadida 70 nafardan ortiq fuqarolar o`rtasida anonim so`rov o`tkazildi. Mazkur so`rovnomada Qoraqalpog`istondagi namoyishlarni kelib chiqish sabablari, unga nisbatan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ko`rilgan choralar, yaralanganlarga nisbatan ko`rsatilgan tibbiy xizmat sifati, qiynoq va zo`ravonlik hamda boshqa jihatlar qamrab olingan.
Hozirda anonim so`rovnoma o`tkazishda hududlar qamrovini kengaytirish, imkon qadar ko`plab fuqarolar fikrlarini o`rganish bo`yicha ishlar davom ettirilmoqda.
Qayd etish lozimki, Komissiyaning qaysi ob`ektlarda o`rganishlar olib borayotgani, nimalarga e`tibor berayotgani, aholi kayfiyatini o`rganish bo`yicha tadbirlari tezkor ravishda yoritilmoqda. Lekin aniqlangan ma`lumotlar oshkor etilmayapti. Chunki ular qayta tekshiriladi, keltirilgan raqamlarning asoslangani o`rganiladi.
Mazkur so`rovnoma natijalari bilan ham Komissiyaning yakuniy xulosasida tanishishingiz mumkin, deyiladi xabarda.






