O`zbekistonda qattiq maishiy chiqindilarning yillik hosil bo`lish hajmining prognozi 14-14,5 million tonnani tashkil etadi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Baxitbay Aldamuratov ma`lum qildi.
Hisob-kitoblarga ko`ra, aholining o`rtacha 1,5 foizga ko`payish sur`atini hisobga olganda, ushbu ko`rsatkich 2028 yilga kelib 16-16,7 million tonnaga etishi mumkin.
Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti ma`lumotiga ko`ra, har yili dunyoda 12 milliondan ortiq kishi atrof-muhit ifloslanishi tufayli kelib chiqayotgan global ekologik muammolardan vafot etmoqda.
«Mamlakatimizda chiqindilar bilan bog`liq ishlarni amalga oshirish masalasi butun dunyodagi kabi dolzarbdir. Ularning hosil bo`lishi ko`p omillarga bog`liq bo`lib, ulardan ko`proq ahamiyatga egalari aholi daromadi, iste`molchilarning xatti-harakati, bozorda yangi qadoqlangan mahsulotlarning paydo bo`lishi va demografik ko`rsatkichlar hisoblanadi», — deydi Aldamuratov.
Ta`kidlash kerakki, Prezidentning 2022 yil 11 avgustdagi «Chiqindilar bilan bog`liq ishlarni tashkil etish tizimini isloh qilish bo`yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to`g`risida»gi farmoni bilan sohada yana bir bor qo`shimcha kafolat va imtiyozlar berilmoqda.






