Davlat Soliq Qo`mitasi qanday cheklarga keshbek qaytarilmasligini ma`lum qildi.
Qayd etilishicha, quyidagi holatlarda keshbek berilmaydi:
- agar chek berilganiga 10 kundan ortiq vaqt o`tgan bo`lsa;
- agar sotib olingan tovar (xizmat)lar cheki uchun avval keshbek hisoblangan bo`lsa;
- avtomobil, havo va temir yo`l chiptalarini sotib olish natijasida olingan, shuningdek, aloqa va kommunal xizmatlar uchun amalga oshirilgan to`lov cheklari uchun;
- DSQ tomonidan yuritiladigan shubhali xaridorlar reestriga kiritilgan jismoniy shaxslar cheklari uchun.
Qo`mitaning ta`kidlashicha, shuningdek, keshbekka ega bo`lish uchun boshqa fuqarolar tomonidan amalga oshirilgan xarid cheklarini egasining ruxsatisiz ro`yxatdan o`tkazgan shaxslar shubhali xaridorlar hisoblanadi.
Bunda, xaridni amalga oshirgan shaxs o`z cheki boshqa foydalanuvchi tomonidan Soliq mobil ilovasida (Android/iOS) ro`yxatdan o`tkazilganligini aniqlasa:
- chekni ro`yxatdan o`tkazgan shaxs foydasiga keshbekdan voz kechishi mumkin;
- yoki ushbu shaxs ustidan shikoyat qilishi mumkin. Buning uchun Soliq ilovasida ochiladigan maxsus oynada shikoyat qilishni istaysizmi so`roviga "ha" javobini tanlash kerak.
Mobil ilova orqali o`zgalarga tegishli bo`lgan 15 va undan ortiq QR-kodli chekni ro`yxatdan o`tkazganligi haqida shikoyat kelib tushgan foydalanuvchilar shubhali xaridorlar reestriga kiritiladi.
Bundan tashqari, cheki boshqa fuqarolar tomonidan ro`yxatdan o`tkazilgan haqiqatda xaridni amalga oshirgan jismoniy shaxs belgilangan tartibda sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Boshqalar ro`yxatdan o`tkazgan o`z cheki uchun keshbek olsa bo`ladimi?
Agar shikoyat qilish paytida keshbek to`lanmagan bo`lsa, chekning haqiqiy egasi soliq organlariga aynan o`sha xaridni amalga oshirganligi va QR-kodli chekni olganligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etsa unga tegishli keshbek hisoblanadi.
Agar ushbu faktlarni tasdiqlashning imkoni bo`lmasa, keshbek sud qarori asosida qaytariladi.