joriy yilning 7 sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar Chilonzor tumani Chilonzor ko`chasida daraxtlarni noqonuniy kesilishi bo`yicha xabar tarqaldi.
Holat yuzasidan Davlat ekologiya qo`mitasi raisi o`rinbosari boshchiligida tezkor ishchi guruhi tuzilib, joyiga chiqib atroflicha o`rganish ishlari olib borildi. Bu haqda Qo`mita matbuot xizmati xabar bermoqda.
O`rganish natijasiga ko`ra ushbu hudud “DREAM HOUSE STROY” mas`uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli ekanligi ma`lum bo`ldi. Qurilish uchun ajratilgan mazkur hudud jami 0.20 gektar er maydonidan iborat bo`lib, joriy yilning 20 yanvarida davlat ekologiya inspektorlari tomonidan hududdagi daraxtlar to`liq xatlovdan o`tkazilib, hududda jami 58 dona har hil turdagi manzarali daraxtlar borligi yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirilgan.
Mazkur hujjat bilan “DREAM HOUSE STROY” mas`uliyati cheklangan jamiyati tashkilotiga daraxtlarni kesmaslik va daraxtlarni saqlab qolish yuzasidan qonunchilikka belgilangan tartibda ogohlantirish berilgan, shuningdek korxona vakillari tomonidan daraxtlarga nisbatan noqonuniy harakatlarni amalga oshirmaslik yuzasidan 2022 yil 20 yanvarda kafolat xati taqdim etilgan.
2022 yil 17 fevralida “DREAM HOUSE STROY” mas`uliyati cheklangan jamiyati tomonidan yagona darcha xizmati markazi orqali hududdagi daraxtlarni kesish yuzasidan ariza bilan murojaat etilgan. Toshkent shahar Ekologiya boshqarma tomonidan ariza atroflicha o`rganilib, daraxtlarnig kesilishi borasida rad javobi berilgan.
Maxsus ishchi guruh tomonidan bugun tunda olib borilgan o`rganish ishlari jarayonida “DREAM HOUSE STROY” mas`uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli er maydonidagi jami 58 dona har hil turdagi manzarali va mevali daraxtlar ildiz qismlari bilan birgalikda yo`q qilinganligi aniqlandi.
Daraxtlarni muhofaza qilish va saqlashga doir qonunchilikda belgilangan choralarni ko`rmaganligi natijasida o`simlik dunyosiga jami 797 700 000 so`m miqdorida zarar etkazilgan.
Bu bilan, O`zbekiston Respublikasining “O`simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to`g`risida”gi Qonunning 37-moddasi talablari buzilib, Davlat ekologiya inspektorlarining qonuniy talablarini bajarmaganligi uchun O`zbekiston Respublikasining “Ma`muriy javobgarlik to`g`risida”gi Kodeksning 1976-moddasi, “Jinoiy javobgarlik to`g`risida”gi Kodeksning 198-moddasiga asosan javobgarlikka tortish masalasini ko`rib chiqish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.