AsosiyMadaniyat

ShHT sammiti doirasida “Buyuk ipak yo`li: O`zbekiston va Xitoy oltin merosi” nomli ekspozisiya tashkil qilindi

'ShHT sammiti doirasida “Buyuk ipak yo`li: O`zbekiston va Xitoy oltin merosi” nomli ekspozisiya tashkil qilindi'ning rasmi

Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan joriy yilning 17 sentyabr kuni ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun Samarqand shahrida tashkil etilgan “Buyuk ipak yo`li: O`zbekiston va Xitoy oltin merosi” ekspozisiyasiga press-tur uyushtirildi.

1899 yilda Samarqanddagi Abramov xiyobonida Rossiya-Xitoy bankining filiali qad rostlagan edi. Samarqand uchun yangilik bo`lgan ikki qavatli oppoq bino ayvonli to`rtburchak shaklda bo`lib, Evropa klassik arxitekturasiga asoslangan uslubda qurilgan edi.

Binoga kirish qismi Xitoyning himoya timsoli bo`lgan sherga o`xshash ikkita “Fu”itlarining haykalchalari bezab turgan. 1903 yilga kelib, O`rta Osiyoda savdo-moliya operasiyalarining rivojlanishi tufayli Samarqand bo`limi savdosi sezilarli darajada o`sadi. Bankning Samarqand filiali kredit berish va veksellarni hisobga olishda rentabellik darajasi bo`yicha Xitoyning Shanxay bankidan keyingi ikkinchi o`rinda edi. O`sha davrda Samarqanddagi ushbu bankdan so`ng uchinchi o`rinni Parij banki egallaydi.

Bank 1909 yil oxirida tugatilib, Shimoliy bank bilan birlashtirildi. Shunday qilib, yirik moliyaviy tuzilma –aksiyadorlik tijorat Rossiya-Osiyo banki tashkil qilindi. Ammo u ham bolsheviklar to`ntarishidan so`ng faoliyatini tugatadi. Inqilobdan keyin Rossiya-Osiyo bankining sobiq Samarqand filiali binosida turli uyushmalar va tashkilotlar faoliyat yuritadi. O`tgan asrning ikkinchi yarmida bu erda shahar kasalxonasi, shahar ijroiya qo`mitasi va ziyolilar uyi joylashgandi. 2000 yilda esa ushbu bino Samarqand davlat universiteti ixtiyoriga o`tadi.

Joriy yilning 15-16 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo`lib o`tgan ShHT sammiti doirasida mehmonlar uchun Samarqand davlat universiteti rektoratida “Buyuk ipak yo`li: O`zbekiston va Xitoy oltin merosi” nomli ekspozisiya tashkil qilindi.

Muzey ekspozisiyasi konsepsiyasiga muvofiq, O`zbekistonning qadimiy shaharlari bilan ipakning asl vatani bo`lgan Xitoy o`rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarga asosiy e`tibor qaratilgan.

Ekspozisiyaning boshlanishi “Xush kelibsiz zali” deb atalib, zalga kirishingiz bilanoq atoqli Xitoy faylasufi Konfusiy va ulug` o`zbek mutafakkir shoiri Alisher Navoiyning dono so`zlariga guvoh bo`lasiz. Har ikkala allomaning fikrlari, hikmatli so`zlari xalqlarimiz tarixiy donishmandligining ramziy ifodasi hisoblanadi.

Ko`rgazmadagi birinchi ekspozisiya islomgacha bo`lgan san`atga bag`ishlangan. Ushbu xonadagi asosiy ashyolar qadimgi “Afrosiyob”dan topilgan Xitoy imperatori va jangchilari tasvirlangan freska parchalari proeksiyasidir. Bundan tashqari, eksponatlar orasida arxeologik topilmalar va islomgacha bo`lgan davrdagi Xitoy madaniyatini aks ettiruvchi ashyolar ham bor.

Ikkinchi ekspozisiya turli tarixiy davrlarda Xitoy chinnisi ta`sirida yaratilgan o`zbek kulolchilik mahsulotlaridan iborat.

Ko`rgazmaning markaziy ekspozisiyasi unumdorlik va boylik ramzi bo`lgan tut daraxtidan iborat. Bu erda ipakning kelib chiqishi haqidagi afsona va pilla tarixi bilan tanishib olish mumkin. An`analar tasvirlangan zalda mehmonlar to`quv dastgohi yordamida ipak gilamni qo`lda ishlab chiqarish jarayoni bilan vizual tarzda tanishishlari mumkin.

Ko`rgazma yakunida Sanjar Jabborovning Buyuk ipak yo`li mavzusiga bag`ishlangan rasmlari namoyish etilgan.

Ekspozisiyaning eng muhim qismi – Samarqandga ketayotgan qayiqda xitoylik malikaning tasviri asos qilib olingan namoyish hisoblanadi. Bu kompozisiya VII asrga oid bo`lib, xizmatkor va soqchilar hamrohligida qayiqda suzib ketayotgan xitoylik malika tasvirlangan. Ushbu manzara Afrosiyob devoriy surati parchasining nusxasi hisoblanadi.

Xitoy qadimgi va o`rta asrlarda O`rta Osiyo hududi orqali G`arbga badiiy hunarmandchilik mahsulotlarini etkazib bergan va ushbu tranzit yo`li mahalliy xalqlar badiiy hunarmandchiligi turli tarmoqlarining shakllanishida muhim rol o`ynagan.

 

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar