Amnistiya va afvning qanday farqi bor?

Jamiyat 30.09.2022, 10:45
Amnistiya va afvning qanday farqi bor?

Aksariyat insonlar amnistiya va afv bitta narsa deb o`ylashadi. Sababi ikkalasining ham asosiy maqsadi bitta — mehr-shafqat va insonparvarlik tamoyillariga asoslanib jinoyat sodir etgan shaxsni kechirish va uni jazodan butunlay yoki qisman ozod qilishdir.

Biroq shunday bo`lsa-da, bu ikki tushuncha ayrim jihatlari bilan bir-biridan farqlanadi.

Afv – bu muayyan shaxslar uchun, ularning shaxsini tavsiflovchi ma`lumotlarni (yoshi, sog`ligining holati, oilaviy ahvoli) inobatga olib jazodan ozod qilish hisoblanadi.

Amnistiya esa aniq shaxslarga emas, umumiy toifalarga e`lon qilinadi. Masalan, 18 yoshga to`lmagan shaxslar, ayollar yoki ijtimoiy xavfi katta bo`lmagan jinoyatlarni sodir etganlarga amnistiya akti qo`llanildi, deylik. Bunda amnistiyaga necha kishi tushishi, kimlar tushishi oldindan aniq bo`lmaydi. Afv hujjatida esa kimlarga qo`llanilayotgani nomma-nom yoziladi.

Afv faqat sud hukmi bilan jazo tayinlangan mahkumlarga e`lon qilinadi. Amnistiya esa jinoyat prosessining istalgan bosqichida - dastlabki tergov, surishtiruv, tergovga qadar tekshiruv va hattoki jinoyat ishini qo`zg`atishgacha bo`lgan bosqichda ham qo`llanilishi mumkin.

Boshqacha aytganda, amnistiyaning afv etishdan farqli xususiyati shundaki, amnistiya keng mazmunga ega bo`lib, shaxsni jinoiy javobgarlikdan ham, jinoiy jazodan ham ozod qiladi.

Amnistiya akti chiqqandan keyin, uni kimlarga qo`llash masalasini hal qilish uzoqqa cho`ziladi va ko`plab tashkiliy jarayonni o`z ichiga oladi. Afvni qo`llash esa ko`p vaqt va tartibni talab qilmaydi. U qabul qilinishi bilan darhol ijro etiladi, buning uchun yana alohida bosqichlardan o`tish shart emas. Masalan, A. ismli shaxs jazodan ozod etilsin degan Prezident Farmoni chiqsa, u o`sha zahoti ijro etiladi hamda A. ismli shaxs ozodlikka chiqariladi.

Afvni qo`llash uchun odatda jinoyat sodir etgan shaxslarning iltimosnomasi asos bo`ladi. Amnistiya aktini qo`llashda esa bunday iltimosnoma talab etilmaydi. Tergovchi, prokuror, jazoni ijro etish muassasasi ma`muriyati va sudlar amnistiya aktiga tushadigan barcha shaxslar ro`yxatini shakllantirib, ularga amnistiya qo`llash masalasini hal etishi lozim. Shaxslar o`zini afv etilishini so`rab iltimosnoma beradi, amnistiya akti esa shaxslarning xohish-istagiga qaramasdan hammaga umumiy qo`llanadi.

Afv Prezident tomonidan istalgan vaqtda jazo muddatini o`tayotgan, qilmishidan chin ko`ngildan pushaymon bo`lgan va tuzalish yo`liga qat`iy o`tgan mahkumlarni jazodan ozod etish yoki boshqacha engillik berish orqali kechirishdir.

Afv aktida davlat, jamiyat, xalq va jabrlanuvchilar manfaati ustunlik qiladi. Afv aniq mahkum yoki bir guruh mahkumlarga nisbatan qo`llanilishi, bunda har bir mahkumning sodir etgan jinoyati oqibatlari, jazoni ijro etish muassasasi xulosasi, tuzalish yo`liga qat`iy o`tganligi, qilmishidan chin ko`ngildan pushaymonligi, jabrlanuvchiga etkazilgan moddiy va ma`naviy zararlarning qoplanganligi, Prezidentdan, ayrim hollarda xalqdan kechirim so`raganligi, kelgusida bu yo`lga boshqa kirmaslik haqidagi va`dalari kabi jihatlar ham e`tiborga olinadi.

Yoppasiga amnistiya berish boshqa xalqlarda ham qo`llaniladigan amaliyot. Ammo bu amaliyotning jabrlanuvchilar va jamiyat manfaatlariga har doim ham mos kelmasligi mumkin. 

Yangi O`zbekiston siyosatiga yangi amaliyot sifatida kirib kelgan afv instituti demokratik tuzum qaror topgan, insonparvarlik va adolat tamoyillariga amal qilinadigan yurtda tarbiyaning yangi va samarali usulidir. Aybiga iqrorlik va kechirim so`rash – xatoni to`g`rilashning avvalidir.

Afv – bu aybdorni kechirish, qilmishidan qattiq pushaymon bo`lganning uzrini qabul qilishdir. Bu institutning afzalligi, ikki tomon manfaatlari uchun adolatli yondashuv bo`lib, jabr etkazuvchi va jabr ko`ruvchilar manfaatini bir xilda himoya qiladi. Eng muhimi, bu akt uning nomidayoq bayon qilinganidek, qilmishidan chin ko`ngildan pushaymon bo`lgan va tuzalish yo`liga qat`iy o`tgan mahkumlarga nisbatangina qo`llaniladi.

Jinoiy yo`llarga kirib qolgan, endilikda o`z qilmishidan pushaymon bo`lib, to`g`ri xulosa chiqarib olgan fuqarolarni afv qilish orqali oilasi va jamiyat oldidagi ma`naviy qarzini uzish uchun imkoniyat berilmoqda. Zero, jazodan ham, afvdan ham maqsad tarbiya.

Farrux Samatov, 
Jinoyat ishlari bo‘yicha Nurobod tumani sudi raisi 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1